Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

Xalqaro valyuta jamg‘armasi Kelishuvining IV Moddasiga muvofiq 2025 yilgi maslahatlashuv yakunlari bo‘yicha MISSIYANING YAKUNIY BAYONOTI

Yangilangan sana: 25 Apr 2025, 12:44
25 Apr 2025
Yakuniy bayonotda Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) xodimlarining a’zo mamlakatga rasmiy tashrifi yakunlari bo‘yicha dastlabki xulosalari keltirilgan. XVJ Kelishuvining IV moddasi yuzasidan muntazam maslahatlashuvlar – XVJ resurslaridan foydalanish (qarz olish), XVJ xodimlari monitoringi bilan amalga oshiriladigan dasturlar bo‘yicha muhokamalar yoki mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga baho berish maqsadida o‘tkaziladi. Mamlakat rasmiylari ushbu bayonotni chop etishga rozilik bergan. Bayonotda keltirilgan xulosalar XVJ mutaxassislarining mulohazalari bo‘lib, XVJ Ijroiya Kengashining ushbu mamlakat bo‘yicha munosabatini aks ettirmaydi. Mazkur bayonotda keltirilgan dastlabki xulosalarga asoslanib, xodimlar hisobot tayyorlaydi va ushbu hisobot rahbariyat tomonidan tasdiqlangandan so‘ng muhokama va qaror qabul qilish uchun XVJ Ijroiya Kengashiga taqdim etiladi.

Joriy holat, istiqbollar va xatarlar

Iqtisodiyot barqaror o‘sishda davom etmoqda. 2024 yilda real YAIM o‘sishi 6,5 foizni tashkil etib, yuqori ichki talab tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi 2023 yildagi bir martalik import o‘sishi ta’sirining tugashi, yuqori darajadagi pul o‘tkazmalari, xomashyo narxlarining yuqoriligi hamda oltindan tashqari eksport hajmi o‘sishining tezlashgani hisobiga 2024 yilda YAIMga nisbatan 2,6 foiz bandga qisqarib, 5,0 foizni tashkil etdi. Xalqaro zaxiralar yetarli darajada saqlanib qolmoqda. Konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi (KBT) 2024 yilda YAIMga nisbatan
1,7 foiz bandga kamayib, 3,2 foizni tashkil etdi. Bu, asosan, energiya subsidiyalarining qisqarishi va ijtimoiy xarajatlarning aniqroq yo‘naltirilganligi, QQS qaytarmalari oshishi sharoitida QQS tushumlari kamayganligini yuqori oltin narxlari hisobiga qoplanishi bilan izohlanadi. Biroq, taqchillikning kamayishi tufayli ichki talabning pasayishi ta’sirlari davlat korxonalari (DK) xarajatlarining oshishi va tashqi qarz olish chegarasining kengaytirilishi evaziga kamaydi.

Inflyatsiya yuqori darajada saqlanib qolmoqda. 2025 yil mart holatiga yillik inflyatsiya 10,3 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yildagi energiya tariflari va boshqa tartibga solinadigan narxlarning oshirilishi hamda ularning boshqa narxlarga ta’siri bilan bog‘liq.

Iqtisodiy o‘sish sur’ati barqaror bo‘lib qolishi kutilmoqda, biroq hozirda tashqi noaniqliklar kuchaygan. Global boj stavkalari oshirilishining e’lon qilinishi umumiy noaniqliklarni kuchaytirib, global moliyaviy sharoitlarni qat’iylashtirdi. Bu holat O‘zbekistonga tashqi talab, xomashyo narxlari va moliyaviy oqimlar orqali ta’sir qilishi mumkin. Shunga qaramay, bazaviy ssenariyga ko‘ra, 2025 va 2026 yillarda real YAIM o‘sishi 6 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Bu o‘sish shaxsiy iste’mol, investitsiyalar va tarkibiy islohotlarning davom etishi hisobiga ta’minlanadi.

Joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi 2025 yilda ham YAIMga nisbatan 5 foiz darajasida saqlanib qolishi kutilmoqda. Bu prognoz oltin eksportidan tushumlarning ortishi va davlat sektori xarajatlarining qisqartirilishi, savdo hamkor mamlakatlardagi iqtisodiy o‘sishning sekinlashuvi natijasida yuzaga kelgan oltinsiz eksport pasayishining o‘rnini qoplashi bilan asoslanadi. Inflyatsiya darajasi esa 2025 yil oxirida yillik 8 foizdan biroz yuqori darajagacha pasayib, keyingi yillarda asta-sekin kamayib borishi kutilmoqda. Bu qat’iy makroiqtisodiy va makroprudensial siyosatlar, shuningdek, tarkibiy islohotlarning davom ettirilishi bilan bog‘liq.

Yuqori darajadagi noaniqliklar nafaqat xatarlar, balki imkoniyatlarni ham yuzaga keltiradi. Asosiy tashqi xatarlar: savdo siyosatidagi sezilarli va uzoq davom etadigan shoklar, Ukrainadagi urushning ikkilamchi ta’sirlari, tashqi moliyalashtirish imkoniyatlarining kamayishi va xomashyo narxlarining o‘zgaruvchanligi bilan bog‘liq. Ichki xatarlar esa budjet taqchilligining kutilganidan yuqori darajasi, qarz olish chegaralarining oshirilishi, banklar balansining zaiflashuvi hamda davlat korxonalari, davlat tijorat banklari (DTB) va davlat-xususiy sherikchiliklarining (DXSH) shartli majburiyatlarini o‘z ichiga oladi.

Shu bilan birga, islohotlarning tezroq amalga oshirilishi, kapital va pul o‘tkazmalarining ko‘payishi hamda oltin narxlarining yuqoriligi yangi imkoniyatlarni taqdim etishi mumkin.

Soliq-budjet siyosati

2024 yilda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligini (KBT) qisqartirilgani ijobiy baholanadi. XVJ xodimlari hukumatni KBTni kamaytirgani va o‘rta muddatli 3 foizlik fiskal maqsadiga sodiq yondashuvini e’tirof etadi. 2025 yilda tashqi qarz olish chegarasini 5,5 milliard AQSH dollari darajasida saqlab turish va keyingi yillarga qarz olish limitlarini davlat va davlat kafolati ostidagi qarz YAIMga nisbatan ortib ketmaydigan darajada belgilash budjetga nisbatan ishonchni oshirish, davlat korxonalari va DXSH loyihalaridan kelib chiqadigan xatarlarni kamaytirish hamda inflyatsiyaga bosimlarni yumshatishda muhim ahamiyat kasb etadi. Oltin narxlarining o‘zgaruvchanligi, narx yuqoriligi sharoitida xarajatlarga bo‘lgan inflyatsion bosimlarni, narx pastligi sharoitida esa budjet xarajatlarining qisqarishi xavfini oshiradi. Bu esa makroiqtisodiy nobarqarorlikni kuchaytiradi. Shu bois, hukumat oltin narxi o‘zgarishining davlat xarajatlariga ta’sirini minimallashtirishga harakat qilishi kerak.

Rivojlanish va ijtimoiy ehtiyojlarga xarajatlarni amalga oshirish uchun budjetdagi moliyaviy resurslarni yaratish maqsadida daromadlarni safarbar qilish va xarajatlarni ratsionallashtirish zarur. 2020 yildan buyon soliq tushumlarining YAIMga nisbati 2 foiz bandga pasayishini qoplash maqsadida o‘rta muddatli daromad strategiyasi ishlab chiqilishi kerak. Soliq siyosati bo‘yicha quyidagi muqobil yo‘nalishlarda, jumladan, yuridik va jismoniy shaxslarning daromad solig‘i islohoti, daromadga asoslangan imtiyozlarni qisqartirish, samarasiz bojxona imtiyozlarini bekor qilish va yangilarini joriy qilmaslik kabi choralarni o‘z ichiga oladi. Mazkur choralarni amalga oshirishda daromadlarni boshqarish bo‘yicha tashkiliy islohotlar, xususan, soliq tekshiruvlari amaliyotini qayta ko‘rib chiqish va yirik soliq to‘lovchilar bilan ishlovchi idora faoliyatini yaxshilash ko‘zda tutiladi. Bunda, soliq to‘lovchilarning huquqlari e’tibordan chetda qolmasligi kerak. Shu munosabat bilan, soliq ma’murchiligini isloh qilish va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha ayni damda ko‘rib chiqilayotgan ikki strategiya tasdiqlanib, amalga oshirilishi lozim. Ish haqi maqbullashtirilishi, davlat xaridlari tizimi islohotlari asosida tovarlar va xizmatlar xaridida xarajatlarni kamaytirish, davlat korxonalarini isloh qilishni jadallashtirish, kelgusida ham konsolidatsiya jarayonlarini davom ettirish, ijtimoiy yordam dasturlari tuzilmasini takomillashtirish hamda pensiya tizimini isloh qilish xarajat samaradorligini oshiradi.

Fiskal intizom va shaffoflikni oshirish uchun fiskal institutlar islohotlari davom ettirilishi lozim. XVJ missiyasi hukumatni budjet taqvimiga rioya qilgani, fiskal strategiya ishlab chiqqani hamda fiskal xatarlar bayonotlarini tayyorlagani, shuningdek, 2025-2030-yillar uchun Davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasini qabul qilganini e’tirof etadi. Kelgusida moliyalashtirish manbasidan qat’iy nazar, davlat investitsiyalari jarayonini birlashtirish, kapital va joriy budjetlarni bir-biriga yaxshiroq muvofiqlashtirish va integratsiyalash, budjet chegaralarini belgilashda barcha kapital xarajatlarni inobatga olish, ushbu chegaralarni budjet hujjatlari bilan birga e’lon qilish zarur.

Shuningdek, hukumat yuqori sur’atlarda oshib borayotgan DXSH loyihalari portfelidan kelib chiqadigan fiskal xatarlarni nazorat qilish va boshqarishga qaratilgan muhim tizimni ishlab chiqishda sezilarli yutuqlarga erishgan. Bu tizimni yanada kuchaytirish uchun asosiy taxminlarning ta’sirchanligini baholash bo‘yicha tahlillar o‘tkazish, ehtimoliy DXSH xarajatlarini budjetda aks ettirish, DXSH loyihalarini kengroq davlat investitsiya boshqaruvi tizimiga integratsiya qilish va yillik DXSH chegarasini mamlakatning o‘zlashtirish imkoniyatiga muvofiq ravishda pasaytirib borish lozim.

Davlat moliyasi statistikasini yaxshilash, qarzni boshqarish strategiyasi hamda yillik qarz olish rejasini e’lon qilish fiskal shaffoflikni ta’minlaydi va investorlar bilan munosabatlarni rivojlantiradi.

Pul-kredit va valyuta siyosati

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki inflyatsiyani 5 foizlik maqsadli targetgacha pasaygunga qadar pul-kredit siyosati qat’iyligini saqlab turishi zarur. So‘nggi oylarda inflyatsiya va inflyatsion kutilmalarning oshishiga javoban asosiy stavkaning oshirilishi Markaziy bankning mavjud bosimlarga qarshi kurashishga tayyorligini namoyon etdi. Pul-kredit siyosati statistik ma’lumotlarga asoslanishi lozim, bunda, agarda bazaviy inflyatsiya yoki inflyatsion kutilmalar pasaymasa, qo‘shimcha qat’iylashtirish choralarini ko‘rish kerak bo‘ladi.

Valyuta kursi kengroq chegaralarda erkin o‘zgarishiga bosqichma-bosqich o‘tish kerak. Bu bozor sharoitlarini yaxshiroq aks ettirib, iqtisodiy shoklarga moslashuvchanlikni oshirib, zaxiralarni himoya qiladi, shuningdek, korxonalarni valyuta xatarlarini xedjirlashga undaydi hamda barqaror devalvatsiya kutilmalarining oldini oladi. Shu bilan birga, yil davomida neytrallik tamoyiliga rioya qilish valyuta kursining moslashuvchanligini kuchaytiradi.

XVJ missiyasi Markaziy bankning kommunikatsiyani kuchaytirish bo‘yicha harakatlarini e’tirof etadi. Ushbu yo‘nalishni yanada rivojlantirish inflyatsion kutilmalarni jilovlashga va pul-kredit siyosati ishonchliligini ta’minlashga xizmat qiladi. Shuningdek, pul-kredit siyosatining transmissiya mexanizmini kuchaytirish maqsadida likvidlikni boshqarish tizimi va majburiy zaxiralash me’yorlarini takomillashtirish, bank tizimida davlat ulushini qisqartirish va yuqori dollarlashuv darajasini kamaytirish orqali erishish mumkin.

Moliyaviy sektor barqarorligi

Moliyaviy barqarorlik va moliyaviy resurslarning samarali taqsimlanishini ta’minlash uchun hukumat davlat ulushiga ega banklarni (DB) isloh qilishni davom ettirishi va ularni xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirishi zarur. Ushbu banklar foyda olishni o‘z oldiga asosiy maqsad qilib qo‘yishi, notijorat operatsiyalari bilan bog‘liq barcha xarajatlar esa, bunday operatsiyalar bosqichma-bosqich to‘xtatilgunga qadar, budjet mablag‘lari hisobidan to‘liq va shaffof tarzda qoplanishi lozim. DBlarda korporativ boshqaruv tizimini kuchaytirish ularning tijorat faoliyatini rag‘batlantiradi, xususiylashtirish uchun sharoit yaratadi, davlat korxonalarini isloh qilishga yordam beradi, pul-kredit siyosatining transmissiya mexanizmini yaxshilaydi va xususiy sektor uchun arzon kredit olish imkoniyatlarini kengaytiradi.

2020-2025-yillarga mo‘ljallangan bank tizimini isloh qilish strategiyasida belgilanganidek, bank tizimidagi davlat ulushini 40 foizgacha kamaytirish maqsadida DBlarning xususiylashtirilishini jadallashtirish zarur. Xususiylashtirish jarayonida shaffof tartiblar, ishonchli me’yoriy-huquqiy baza, kreditorlar va aksiyadorlar huquqlarining qonuniy himoyasi, shuningdek, savdolarni raqobatbardosh tanlov mexanizmlari asosida amalga oshirish malakali investorlarni jalb qilish va aktivlar qiymatini maksimal darajada oshirish imkonini beradi.

Bundan tashqari, XVJ missiyasi tizimli ahamiyatga ega banklarni ixtisoslashgan davlat banklari sifatida saqlab qolish bo‘yicha joriy rejalarni amalga oshirmaslikni tavsiya beradi. Ushbu yondashuv moliyaviy xatarlar va budjet xarajatlarining oshishiga olib kelishi mumkin.

Xalqaro standartlarni joriy etgan holda banklar ustidan nazoratni kuchaytirish. XVJ missiyasi O‘zbekiston hukumati uchun yaqinda o‘tkazilgan va mamlakat uchun birinchi bo‘lgan Moliyaviy sektorni baholash dasturi (FSAP) tavsiyalarini amalga oshirishni tavsiya qiladi. Bu tavsiyalar quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oladi. Xususan, bank tizimini tartibga solishni kuchaytirishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirish, xatarlarga asoslangan nazoratni joriy etish, tizimli xatarlar tahlili va stress-testlarni takomillashtirish, kapital talablarini oshirish, aktivlarni tasniflash va muammoli kreditlarni hal qilishni xalqaro ilg‘or tajribalarga asoslangan holda moslashtirish, to‘lov tizimi ustidan nazoratni takomillashtirish va banklarni sog‘lomlashtirishning tegishli mexanizmlarni yaratish, shuningdek, inqirozlarni boshqarish va moliyaviy himoya tizimlarini shakllantirish bo‘yicha yetarli tartibotlarni yaratish.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki moliyaviy barqarorlikka tahdid soluvchi yangi xatarlarni diqqat bilan kuzatishda va zarurat tug‘ilganda ularni bartaraf etishga tayyor bo‘lishi lozim.

2023–2024-yillarda joriy etilgan makroprudetsial choralar banklarning qarz oluvchilarni kreditga bo‘lgan layoqatligiga ko‘proq e’tibor qaratganligi aholiga kredit berish sur’atlarining pasayishiga xizmat qildi. Shunga qaramay, mikrozaymlar va mikroqarzlar nisbatan yumshoqroq shartlarda taqdim etilgani bois, mikromoliyalashtirish segmenti yuqori sur’atlarda o‘smoqda. Moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar etirof etilsa-da, banklar tomonidan iste’molchilarning kreditga layoqatliligini to‘g‘ri baholashga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligiga alohida e’tibor qaratish lozim bo‘lib, aks holda moliyaviy barqarorlik uchun xavflarni kuchaytirishi mumkin. Shu bois, Markaziy bank xatarlarga asoslangan nazoratni kuchaytirishi, zarurat tug‘ilganda qo‘shimcha kapital talablari yoki boshqa majburiy makroprudensial choralarni qo‘llashi lozim.

Shu bilan birga, Markaziy bank tomonidan chet el valyutasida qarz oluvchi, xatarlarni sug‘urtalash imkoniga ega bo‘lmagan korporativ qarz oluvchilar, rasmiy daromad manbaisiz jismoniy shaxslarga berilayotgan kreditlar, moliyaviy barqarorlikka ega bo‘lmagan korxonalar bilan bog‘liq xatarlarni ham bartaraf etilishi zarur. Imtiyozli va direktiv kreditlash amaliyotidan bosqichma-bosqich voz kechilishi ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.

Tarkibiy va davlat boshqaruvidagi islohotlar

O‘zbekiston o‘tish davri iqtisodiy islohotlarini amalga oshirishda sezilarli yutuqlarga erishdi. Endilikda ushbu islohotlarni yakunlash va institutsional islohotlarni jadallashtirish zarur. Energiya tariflari va bir qator tartibga solinadigan narxlarning oshirilishi narxlarning erkinlashishiga xizmat qildi va bu jarayon to‘liq yakunlanguniga qadar davom etishi kerak bo‘lib, shunda narxlar bozor sharoitlarini to‘liq aks ettiradi. O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish yo‘lida ham ikki tomonlama, ham ko‘p tomonlama yo‘nalishlarda katta yutuqlarga erishdi. Shuningdek, qo‘shni davlatlar hamda Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi a’zolari bilan hamkorlikning kuchaytirilishi savdoning erkinlashuvi va diversifikatsiyasiga hissa qo‘shmoqda.

Davlat korxonalarini qayta tashkil etish sharti bilan ularni qo‘llab-quvvatlash shaffof tarzda amalga oshirilishi lozim. Bunda ushbu qo‘llab-quvvatlashlar bosqichma-bosqich bekor qilinishi hamda xususiy va davlat korxonalari uchun teng sharoitlar yaratilishi zarur. Davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirishni davom ettirish, yirik davlat korxonalarining xususiylashtirilishini tezlashtirish va uni ilg‘or xalqaro tajribaga muvofiq amalga oshirish kerak. Nazorat va bevosita aralashuv choralari o‘rniga samarali tartibga solish va bozor institutlari joriy qilinishi lozim. Korxonalar faoliyatini boshlash va tugatish shartlarini osonlashtirish xususiy sektor uchun raqobat muhitining yaxshilanishiga xizmat qiladi.

Boshqaruv, mehnat bozori va iqlim bo‘yicha islohotlar davom ettirilishi zarur. So‘nggi yillarda boshqaruv samaradorligi ko‘rsatkichlari sezilarli darajada yaxshilandi. Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi, davlat xizmatchilarini ushbu qonun normalarini qo‘llash bo‘yicha o‘qitish va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Virtual akademiyaning tashkil etilishi ijobiy baholandi. Yaqin orada davlat xizmatchilari va davlat korxonalari rahbarlarining aktivlarini deklaratsiya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi, shuningdek, hukumat tomonidan axborot beruvchilarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqilishi kutilmoqda. Ushbu qonunlar imkon qadar tezroq qabul qilinib, amaliyotga joriy etilishi lozim. Shaffoflikni oshirish va ma’lumotlardan foydalanishni ta’minlash, ayniqsa xaridlar sohasida, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Milliy strategiyani ishlab chiqilishini yakunlash davlat xarajatlarining samaradorligi va ularning boshqaruvi yaxshilanishiga hissa qo‘shadi. Ayollarning mehnat bozoridagi ishtiroki kamligi, norasmiy sektorning yuqori ulushi, ishchilar malakasi va mehnat bozori talablari o‘rtasidagi nomuvofiqliklarni hal qilish uchun mazkur yo‘nalishdagi islohotlarni jadallashtirish zarur.

Energiya narxlarini erkinlashtirish bo‘yicha islohotlarni yakunlash va suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, qishloq xo‘jaligi ekinlarni diversifikatsiya qilish hamda o‘rmonlarni tiklash bo‘yicha choralarni tezkorlik bilan qabul qilinishi iqlim bilan bog‘liq masalalarda sezilarli yutuqlarga erishishni ta’minlaydi. Statistika sifatini oshirish tahlillarni yaxshilashga va asoslangan siyosat choralarini ishlab chiqishga xizmat qiladi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi missiyasi O‘zbekiston hukumatiga, manfaatdor tomonlarga va xususiy sektor vakillariga mehmondo‘stlik, konstruktiv siyosiy muloqot va “IV modda” bo‘yicha maslahatlashuv missiyasi davomida samarali hamkorlik uchun minnatdorlik bildiradi.

USD = 12904.51
-33.42
EUR = 14575.64
-89.5
RUB = 161.99
+0.89
GBP = 17295.91
-53.85
JPY = 89.94
+0.08
CHF = 15609.66
-82.19
CNY = 1790.70
-4.84
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X