Markaziy bank tomonidan mamlakatda moliyaviy savodxonlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan tahliliy sharh tayyorlandi. Ushbu hujjatda sohadagi siyosatni shakllantirishning asosiy bosqichlari tizimlashtirilgan, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan bir necha muhim tashabbuslar va loyihalar, shuningdek, aholining moliyaviy bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan i-shlarning natijalari aks ettirilgan.
2019-yildan boshlab O‘zbekistonda moliyaviy savodxonlikni rivojlantirish uchun izchil ravishda mustahkam poydevor yaratildi. Mazkur yo‘nalishning strategik yondashuvlarni ishlab chiqish, muvofiqlashtirish mexanizmlarini yaratish va hamkorlik tarmog‘ini shakllantirishni o‘z ichiga olgan konseptual, institutsional va metodologik asosini ichga olgan holda ilk bor mamlakat miqyosida yangi tizim yaratildi. Ushbu chora-tadbirlar keng ko‘lamli ta’lim tashabbuslarini amalga oshirish uchun zamin yaratdi.
Hamkorlar sonini kengaytirish bilangina birga, ularning institutsional xilma-xilligini ta’minlash borasida ham izchil ishlar olib borildi. Moliyaviy savodxonlikka oid tashabbuslarni amalga oshirishga davlat organlari, tijorat banklari, ta’lim muassasalari, xalqaro tashkilotlar va xususiy kompaniyalar jalb qilindi. Hamkorlikning bunday ko‘p tomonlama shakli har bir ishtirokchiga o‘z o‘rnini topishga hamda aholi bilan ishlashning turli vosita va usullaridan foydalangan holda tashabbuslar rivojiga hissa qo‘shishga imkon berdi. Bu, o‘z navbatida, turli ijtimoiy guruhlarni, jumladan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, ayollar, yoshlar, bolalar, mehnat migrantlari va olis hududlar aholisini yanada kengroq qamrab olishni ta’minladi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki MDH davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib ta’limiy va ko‘ngilochar shakllarni o‘zida jamlagan "edutainment" yondashuvini shakllantirgan holda faol qo‘llay boshladi. Natijada foydalanilgan medialoyihalar, interaktiv platformalar, radio va teledasturlar auditoriyani ancha kengaytirishga, shuningdek, aholining moliyaviy savodxonlik masalalariga qiziqishi va jalb etilishini oshirishga imkon berdi.