Shrift o‘lchami: A A A
Masshtab: A A A A
Rang: A A A A
Rasmlar: Yoqish O‘chirish

O‘zbekiston Markaziy Osiyoning moliyaviy texnologiyalar kelajagini mustahkamlash uchun “Silk Road Finance & Technology Forum”ini o‘tkazmoqda

Yangilangan sana: 12 Iyun 2026, 09:25
12 Iyun 2026

O‘zbekiston Markaziy banki va uning global hamkorlari mamlakatning mintaqaviy FinTech poytaxtiga aylanish istagini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2026-yil 24–26-avgust kunlari Toshkentda ilk Forumni o‘tkazadi.

Toshkent, O‘zbekiston, 2026-yil 10-iyun – Bugun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki (MB) va Singapur Pul-kredit boshqarmasi tomonidan ta’sis etilgan notijorat tashkilot – Global moliya va texnologiyalar tarmog‘i (GFTN) joriy yilning 24–26-avgust kunlari Toshkent shahridagi “Central Asian Expo Uzbekistan” (CAEx) ko‘rgazmalar majmuasi hamda Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadigan ilk “Silk Road Finance & Technology Forum”ini e’lon qildi. Mazkur Forum O‘zbekistonning moliya, innovatsiyalar va siyosat sohasidagi asosiy platformasi bo‘lib, u yetakchilar hamda mas’ul shaxslarni bir joyga to‘playdi va mamlakatni Markaziy Osiyoda moliyaviy texnologiyalar (FinTech) uchun tayanch nuqta sifatida namoyon etadi.

O‘zbekiston Markaziy banki rahbarligida 37 milliondan ortiq aholiga ega mamlakatda mintaqaning eng jadal rivojlanayotgan moliyaviy texnologiyalar ekotizimlaridan biri shakllantirildi. Aholining katta qismini 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi, raqamli texnologiyalardan foydalanish darajasi qariyb 70 foizga yetgan va tez sur’atlarda o‘sib borayotgan innovatsion kompaniyalar muhiti vujudga kelgan. Bu sur’at endilikda Prezident Farmoni bilan rasmiylashtirilib, u sohaga 2030-yilgacha 1 milliard AQSH dollari miqdorida xorijiy sarmoya jalb etish, 5000 dan ortiq mutaxassis tayyorlash, litsenziyaga ega 200 dan ortiq bozor ishtirokchisini shakllantirish, inkubatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan 100 ta startapni chiqarish hamda raqamli valyutalar va steyblkoinlarni sinovdan o‘tkazish kabi maqsadlarni belgilab beradi.

FinTech ushbu strategiyada markaziy o‘rin egallaydi, chunki 80 milliondan ortiq raqamli texnologiyalardan xabardor aholiga ega Markaziy Osiyo bozori o‘z rivojlanishining dastlabki bosqichida bo‘lgan yirik, yosh va raqamli avlodga ega sanoqli mintaqalardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu imkoniyatni ro‘yobga chiqarish uchun Markaziy bank global miqyosda foydalanish mumkin bo‘lgan “Regulatory Sandbox 2.0” tartibga solish platformasi, “QFinex Quantum Test Bed” sinov maydonchasi, 50 million AQSH dollari miqdoridagi maxsus venchur jamg‘armasi hamda to‘lovlar, ochiq banking, “Hozir xarid qil, keyinroq to‘la” va kibermustahkamlik bo‘yicha ilg‘or me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqmoqda. Bu yondashuv Singapurning regulyator boshchiligida dunyoning uchinchi yirik FinTech markaziga aylanish tajribasini ongli ravishda takrorlaydi.

Forum konsepsiyasi algebra fanining nomlanishiga asos bo‘lgan “Al-Jabr” tushunchasiga tayangan. Arab tilida “qismlarni birlashtirish” ma’nosini anglatadigan mazkur atama IX asrda Xorazmda faoliyat yuritgan mashhur olim Muhammad al-Xorazmiy ilmiy merosiga ishora qiladi. Shu ruhda uch kunlik anjuman beshta asosiy yo‘nalish: ochiq banking, raqamli aktivlar va steyblkoinlar, transchegaraviy to‘lovlar, islom moliyasi hamda innovatsiya va investitsiyalar atrofida tashkil etiladi. “Ant International” bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan hamda “Singapore FinTech Festival”, “Point Zero Forum” (Syurix), “GFTN Forum Japan” va “Black Swan Summits” kabi tadbirlar qatorida GFTN global tarmog‘iga qo‘shiladigan ushbu forum Markaziy Osiyo, Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi va boshqa mintaqalardan davlat rahbarlari, markaziy bank raislari, taraqqiyot institutlari vakillari, investorlar va ta’sischilarni bir joyga jamlaydi.

“Innovatsiyalar ishonch, iste’dod va sarmoya birlashgan joyda gullab-yashnaydi. O‘zbekiston bu poydevorni qurishga qat’iy bel bog‘laganini namoyon etdi va “Silk Road Finance & Technology Forum”i global tajribani mintaqaviy maqsadlar bilan bog‘lash uchun o‘z vaqtida yaratilgan platformadir. Biz Markaziy Osiyoning moliyaviy innovatsiyalar uchun yorqin markaz sifatida yuksalishini qo‘llab-quvvatlashni intizorlik bilan kutamiz”, – dedi GFTN guruhi bosh ijrochi direktori Sopnendu Moxanti.

“Silk Road Finance & Technology Forum”i haqida

Bu O‘zbekiston Markaziy banki va Global moliya va texnologiyalar tarmog‘i hamkorligida o‘tkaziladigan, mamlakatning FinTech sohasidagi yillik asosiy anjumani bo‘lib, Markaziy Osiyoning navbatdagi moliyaviy yo‘lagini shakllantirish uchun siyosatchilar, regulyatorlar, investorlar va ta’sischilarni birlashtiradi.

Batafsil ma’lumot uchun:

LinkedIn: https://www.linkedin.com/company/119613917/ Veb-sayt: https://www.silkroadfinancetechnologyforum.com/

GFTN haqida

Global Finance & Technology Network (GFTN) – 2024-yilda Singapur Pul-kredit boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan, bosh qarorgohi Singapurda joylashgan notijorat tashkilotdir. Yaponiya, Germaniya va Hindistonda o‘z ofislariga ega bo‘lgan GFTNning vazifasi barqaror, samarali va inklyuziv moliyaviy tizimlarni yaratish uchun siyosat, kapital va texnologiyalarni o‘zaro bog‘lashdan iborat. GFTN Services besh qit’ada global forumlarga mezbonlik qilib, 130 dan ortiq mamlakatdan innovatorlar, tadbirkorlar, investorlar va siyosatchilarni bir joyga jamlaydi. Tashkilot hukumatlarga moliyaviy texnologiyalar sohasidagi innovatsiyalarni, inklyuzivlikni va salohiyatni oshirishni rag‘batlantirish bo‘yicha siyosiy maslahatlar beradi. GFTN Capital esa jahon miqyosida o‘sish bosqichidagi FinTech kompaniyalariga sarmoya kiritadigan venchur kapital kompaniyasi bo‘ladi. Batafsil ma’lumot uchun www.gftn.co veb-saytiga tashrif buyuring.

OAVga oid har qanday masala yuzasidan press@cbu.uz / cbu@montfort.london / comms@gftn.com manzillariga murojaat qilishingizni so‘raymiz.

USD = 11981.81
-32.67
EUR = 13879.73
+21.03
RUB = 165.13
-1.48
GBP = 16080.79
+22.24
JPY = 74.86
+0.02
CHF = 15061.99
+36.38
CNY = 1772.09
-0.53
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X