O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki 2025-yilning to‘rtinchi choragida mamlakat bo‘ylab biznes kayfiyatini o‘rganishga bag‘ishlangan navbatdagi choraklik sharhini e’lon qildi. So‘rovlarda ikki mingdandan ortiq tadbirkorlik subyektlari ishtirok etib, iqtisodiyotning barcha asosiy tarmoqlarida faoliyat olib borayotgan korxonalar qamrab olindi.
So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 60 foizi joriy biznes shart-sharoitlari o‘tgan chorakka nisbatan yaxshilanganini qayd etdi. Ushbu ko‘rsatkich so‘nggi ikki yil davomida 50 foizdan yuqori shakllanib kelib, tadbirkorlarning iqtisodiyotdagi islohotlarga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanib borayotganligini ko‘rsatmoqda.
Ijobiy baholarga asosan bank xizmatlari sifati oshgani, kredit olish imkoniyatlari kengaygani, raqobat muhiti yaxshilangani, litsenziyalash jarayonlarining soddalashgani hamda ma’muriy aralashuvlarning kamaygani sabab bo‘ldi.
To‘rtinchi chorak davomida ishlab chiqarish va buyurtmalar hajmlari, energiya iste’moli hamda yuk tashish ko‘rsatkichlari oshganini bildirgan tadbirkorlar ulushi ortdi. Ayrim hududlarda ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish oshgan bo‘lsa-da, boshqa hududlarda energiya ta’minotidagi uzilishlar, yonilg‘i narxlarining qimmatlashishi va aylanma mablag‘larning yetarli darajada emasligi faollikni cheklab turdi.
Mehnat bozorida qo‘shimcha ishchi kuchiga bo‘lgan talab barqaror darajada shakllandi. Jumladan, ishlab chiqarish, qurilish, ta’lim,tibbiyot va xizmat ko‘rsatish sohalarida qo‘shimcha ishchi kuchiga talab oshgani qayd etildi. Kelgusi chorakda ham ushbu tarmoqlarda ishchi kuchiga talab yuqori darajada shakllanishi kutilmoqda.
Tadbirkorlar orasida qarz majburiyatlari o‘zgarmaganini bildirganlar ulushi 47 foizga yetdi (o‘tgan chorakda – 45 foiz). Shu bilan birga, kelgusida kredit resurslariga ehtiyoj qurilish, ishlab chiqarish, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, turizm va ta’lim sohalarida yuqori shakllanishi prognoz qilinmoqda. Ayrim hududlarda kreditga ehtiyojning biroz pasayishi kutilmoqda.
Biznes kayfiyati bo‘yicha 2025-yil IV chorak sharhi va qisqa tavsifi bilan tanishing.