Markaziy bank boshqaruvining “Bank xizmatlari iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qarori Adliya vazirligida 2025-yil 14-iyul kuni 3030-10-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Mazkur nizomga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan quyidagi asosiy talablar kiritilmoqda:
kredit karta mahsuloti bo‘yicha standart “Axborot varaqasi” shakli amaliyotga joriy etilmoqda. Mazkur axborot varaqasi orqali iste’molchilar kredit karta shartlari to‘g‘risida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olishlari hamda turli tijorat banklarining kredit karta mahsuloti shartlarini o‘zaro taqqoslagan holda, o‘zlari uchun maqbul bo‘lgan tanlovni amalga oshirish imkoniyatini beradi;
kredit shartnomalariga qarzdorning hisobvarag‘larida har qanday davr mobaynida ma’lum miqdordagi kamaymaydigan pul mablag‘i qoldig‘i yoki aylanmasi mavjud bo‘lishi yuzasidan shart kiritilishi cheklanmoqda. Mazkur talab bilan kreditlash amaliyotidagi insofsiz amaliyotni to‘xtatish, kreditning haqiqiy qiymati yashirilishini oldini olgan holda uning haqiqiy narxi borasidagi shaffoflikni ta’minlash hamda qarzdor o‘z hisobvarag‘laridagi amaliyotlarni mustaqil boshqarishi ta’minlanmoqda;
kredit ta’minotiga qabul qilingan garov mulklarini kreditning asosiy qarzi qoldig‘iga mutanosib ravishda bosqichma-bosqich garovdan chiqarish yoki garov narsasini almashtirish bo‘yicha bankning ichki tartibi bo‘lishi va unda mazkur amaliyotlarni amalga oshirish barcha jarayonlar to‘g‘risida iste’molchilarga oshkor qilinishi belgilanmoqda. Ushbu talab garov mulki egalarining manfaatlarini himoya qilishga xizmat qilgan holda, kredit ta’minotida ortiqcha turgan mulklarni garovdan chiqarilishini tartibga soladi va bu bordagi kreditorning insofsiz xatti-harakatlarini oldini oladi. Bu shuningdek, kreditni muddatidan oldin to‘lashni rag‘batlantiradi hamda garov mulki egasining o‘z mulkidan erkin foydalanish imkoniyatlarini oshiradi;
bankning kreditor sifatidagi huquqlari sug‘urta tashkilotiga subrogatsiya orqali o‘tganda, bank uch ish kuni ichida qarzdor va kafillarga bu haqda yozma xabarnoma (ma’lumotnoma) yuborishi va unda barcha zaruriy ma’lumotlar ko‘rsatilishi lozimligi belgilab qo‘yilmoqda. Mazkur talabning amaliyotiga kiritilishi bankning kreditor sifatidagi huquqlari sug‘urta qiluvchiga o‘tganligi bo‘yicha shaffoflikni ta’minlash, qarzdorlarni (kafillarni) bu borada xabardor qilish orqali kelgusida kredit qarzdorligi bilan bog‘liq kelib chiqishi mumkin bo‘lgan nizolar va huquqiy noaniqliklarni oldini olishga qaratilgan.
Nizomga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar 2025-yil 15-oktabrdan kuchga kiradi.
Hujjat bilan ushbu havola orqali batafsil tanishishingiz mumkin.