Shrift o‘lchami: A A A
Masshtab: A A A A
Rang: A A A A
Rasmlar: Yoqish O‘chirish

Ustuvor yo‘nalishlar

Yangilangan sana: 17 Avg 2026, 19:15

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki faoliyatining
2026-2030-yillarga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan
QISQACHA SHARH

Jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan shiddatli o‘zgarishlar, raqamlashtirish jarayonlarining jadallashuvi, moliyaviy texnologiyalar rivojlanishi hamda davlat tashkilotlari faoliyati samaradorligiga nisbatan talablarning ortishi markaziy banklar oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda.

Bunday sharoitda Markaziy bankdan nafaqat narxlar va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, balki zamonaviy, barqaror va inklyuziv moliya sektorini rivojlantirish, innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda iqtisodiyotda ishonch muhitini mustahkamlash borasidagi rolini yanada kuchaytirish talab etilmoqda.

“O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki faoliyatining 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari” mamlakatda barqaror makromoliyaviy muhitni shakllantirish, uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash hamda aholi, biznes va investorlarning moliya tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga qaratilgan strategik tashabbuslar va ularni amalga oshirish mexanizmlarini belgilab beradi.

Mazkur hujjat kompleks institutsional yondashuv asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda “O‘zbekiston-2030” strategiyasining maqsadlari, respublikada amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning joriy bosqichi, ichki tahlil natijalari, shuningdek, yetakchi xorijiy markaziy banklar va xalqaro moliya institutlarining ilg‘or tajribasi inobatga olingan.

Hujjatda makromoliyaviy barqarorlikni ta’minlashni moliya bozorlarini rivojlantirish, raqamli infratuzilmani takomillashtirish hamda moliyaviy ommaboplikni kengaytirish bilan uyg‘un holda amalga oshirishga qaratilgan kompleks yondashuv aks ettirilgan. Bunda narxlar va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishning asosiy sharti va Markaziy bank faoliyatining ustuvor vazifasi sifatida saqlanib qolishi belgilangan.

2030-yilga kelib Markaziy bank makromoliyaviy barqarorlikni ta’minlaydigan, raqobatbardosh moliya bozorini rivojlantiradigan, innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlaydigan hamda aholi va biznes uchun xavfsiz moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradigan zamonaviy, texnologik va ochiq tashkilotga aylanishni maqsad qilgan.

Markaziy bankning o‘rta muddatdagi faoliyati quyidagi beshta o‘zaro bog‘liq rivojlanish ustuvorliklari asosida shakllantirilgan:

1. Narxlar va moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash;

2. Innovatsiyalarni rag‘batlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida tartibga solish va nazorat tizimini takomillashtirish;

3. Xususiy sektor rivojlanishi va xususiylashtirish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida moliyalashtirish manbalarini chuqurlashtirish
va diversifikatsiya qilish;

4. To‘lovlar va moliyaviy inklyuziyani rivojlantirish maqsadida qulay va xavfsiz raqamli moliya vositalarini rivojlantirish;

5. Institutsional salohiyatni mustahkamlash, ma’lumotlar sifatini yaxshilash hamda o‘zaro muvofiqlashuvni kuchaytirish.

Belgilangan maqsadlarga erishish uchun Markaziy bank faoliyatining barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan qariyb 200 ta strategik tashabbusdan iborat portfel shakllantirildi. Ular qatoriga to‘liq inflyatsion targetlash rejimiga o‘tish, tavakkalchilikka asoslangan nazorat tizimini joriy etish, makroprudensial siyosat instrumentlarini takomillashtirish, to‘lov infratuzilmasini modernizatsiya qilish, moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish, raqamli moliyaviy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, kiberbarqarorlikni mustahkamlash, shuningdek, ma’lumotlarni boshqarishning zamonaviy yondashuvlarini joriy etish kiradi.

Mazkur strategik tashabbuslarni amalga oshirish uch bosqichda tashkil etiladi:

• 2026-yil yakuniga qadar - institutsional va me’yoriy asoslarni mustahkamlash;

• 2027-yil yakuniga qadar - moliyaviy infratuzilma va asosiy jarayonlarni jadal modernizatsiya qilish va raqamlashtirish;

• 2028-2030-yillarda - islohotlarni chuqurlashtirish, innovatsion yechimlarni keng joriy etish va erishilgan natijalar barqarorligini ta’minlash.

Shu bilan birga, tizimga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlash maqsadida shaffoflikni oshirish, kommunikatsiya siyosatini rivojlantirish, tadqiqot va tahlil salohiyatini kuchaytirish hamda qaror qabul qilishda ma’lumotlarga asoslangan yondashuvlarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratiladi.

O‘z navbatida, Markaziy bankning institutsional yetukligini oshirish, zamonaviy idoraviy madaniyatni shakllantirish, boshqaruv va tartibga solishning xalqaro standartlarini joriy etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi.

Belgilangan islohotlarning izchil amalga oshirilishi qabul qilinayotgan qarorlarning tahliliy va ilmiy asoslarini mustahkamlash, moliya tizimi barqarorligini oshirish hamda moliya sektorining raqamli transformatsiyasini jadallashtirish imkonini beradi.

Mazkur hujjat Markaziy bank faoliyatining strategik yo‘nalishlarini belgilab berish bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi moliya tizimining barqarorligi, raqobatbardoshligi va inklyuzivligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarni izchil amalga oshirish, qabul qilinayotgan qarorlarning tahliliy va ilmiy asoslarini mustahkamlash hamda moliya sektorining raqamli transformatsiyasini jadallashtirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.




USD = 11785.30
-9.7
EUR = 13695.70
-3.01
RUB = 136.13
+0.33
GBP = 15949.05
+31.7
JPY = 75.42
-0.14
CHF = 14564.14
-21
CNY = 1756.14
+0.7
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X