O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamkorligida Markaziy bank markaziy apparati, hududiy bosh boshqarmalar, tasarrufdagi korxonalar rahbarlari va xodimlari ishtirokida “Korrupsiyaga qarshi kurashishda davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari” mavzusida o‘quv seminari tashkil etildi.
Ta’kidlanganidek, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat siyosati doirasida O‘zbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan birgalikda Markaziy bank faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini yanada oshirish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Seminarda agentlik mutaxassislari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, jamiyatda, shu jumladan, davlat idoralari faoliyatida korrupsiyaning oldini olish, uni keltirib chiqaruvchi xavf-xatarlar va omillarni aniqlash hamda bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, tadbirda korrupsiyaga qarshi kurashishda jamiyatda murosasiz munosabatni shakllantirish, huquqiy madaniyatni yuksaltirish, sohalarda korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash va komplaens tizimining yo‘lga qo‘yilganligi kabi omillar xususida ham to‘xtalib o‘tildi.