Markaziy bankda "Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” munosabati bilan davra suhbati tashkil etildi. Unda Markaziy bank markaziy apparati, Toshkent shahri va viloyati hududiy bosh boshqarmalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda Markaziy bank tizimida korrupsiyaning oldini olish va manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini boshqarish bo‘yicha olib borilayotgan faoliyat natijalariga batafsil to‘xtalib o‘tildi.
Shu bilan birga, “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining mazmun-mohiyati yuzasidan so‘z yuritildi. Davra suhbati ishtirokchilariga qonunning maqsadi va amal qilish sohasi, manfaatlar to‘qnashuvi kelib chiqishining asosiy sabablari, xodimlarning manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish chog‘idagi huquq va majburiyatlari, cheklovlar, jumladan, qonun talablarini buzganlik uchun javobgarlik belgilanganligi keltirib o‘tildi.
Bundan tashqari, barcha xodimlar uchun korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida 13 ta ichki lokal hujjatlar qabul qilinganligi hamda ushbu hujjatlarda xodimlar faoliyatida korrupsiyaviy huquqbuzarliklarga murosasizlik va ularni sodir etishga yo‘l qo‘ymaslikni o‘zida aks ettiruvchi taqiqlar xususida tushuntirishlar berildi.
Davra suhbati jonli muloqot tarzida o‘tkazilib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mas’ul xodimlar tomonidan tegishli tushuntirish va tavsiyalar berildi.
Markaziy bankda "Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” munosabati bilan davra suhbati tashkil etildi
Yangilangan sana: 18 Fev 2025, 11:08