O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida rais o‘rinbosari N. Achilov ishtirokida halollik tamoyillariga rioya qilish, odob-axloq qoidalariga amal qilish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, korrupsiyaga qarshi murosasiz muhitni shakllantirish hamda tizimni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Har qanday tashkilotning obro‘si, avvalo, unda faoliyat yuritayotgan xodimlarning halolligi, mas’uliyati va kasbiy etikaga amal qilishi bilan belgilanadi. Shu bois, ushbu mavzularda xodimlar bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazib borish nafaqat muhim, balki dolzarb ekanligi ta’kidlandi.
Ta’kidlanganidek, halollik tamoyili — bu faqat qonunchilik talablariga rioya qilish emas, balki har bir qarorda vijdon, adolat va shaffoflikni ustuvor qo‘yishdir. Xodim o‘z xizmat vazifalarini bajarishda shaxsiy manfaatlardan emas, tashkilot manfaatlaridan kelib chiqishi lozim.
Odob-axloq qoidalariga amal qilish esa jamoada sog‘lom ish muhitini shakllantirishning muhim omillaridan biri hisoblanadi. Hurmat, xushmuomalalik, mas’uliyat va intizom har bir xodimning kundalik faoliyatida namoyon bo‘lishi zarurligi qayd etildi. Zero, ichki madaniyati yuqori bo‘lgan jamoada samaradorlik ham yuqori bo‘ladi.
Yig‘ilishda manfaatlar to‘qnashuvi masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Ushbu holat xodimning shaxsiy manfaatlari uning xizmat vazifalariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarda yuzaga kelishi, bunday holatlarni yashirish emas, aksincha, ularni o‘z vaqtida ochiq ma’lum qilish va qonunchilik asosida hal etish muhim ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, Markaziy bankda ISO 37001:2025 xalqaro standarti talablariga bag‘ishlangan uchrashuv ham bo‘lib o‘tdi. Unda “CERT International” xalqaro auditorlik kompaniyasi vakillari tashqi audit natijalari, xulosalar va muhim tavsiyalar bilan o‘rtoqlashdi.
Mazkur standart korrupsiyaga qarshi kurashish, ochiqlik va shaffof boshqaruv madaniyatini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi, eng muhimi esa har bir xodim faoliyatida halollik, mas’uliyat va ishonch tamoyillarini yanada kuchaytirishga qaratilgani alohida qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish barchaning ustuvor vazifalaridan biri ekani ta’kidlab o‘tildi.