Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

«Aktivlar sifatini tasniflash, tijorat banklari tomonidan ular bo'yicha ehtimoliy yo'qotishlarni qoplash uchun zaxiralarni shakllantirish va undan foydalanish tartibi»ga kiritilgan o'zgartirishlar va qo'shimchalarga sharh

Yangilangan sana:  19 May 2019, 13:40

O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining «Aktivlar sifatini tasniflash, tijorat banklari tomonidan ular bo'yicha ehtimoliy yo'qotishlarni qoplash uchun zaxiralarni shakllantirish va undan foydalanish Tartibiga o'zgartirishlar va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi 2011 yil 10 sentyabrdagi 26/1-sonli qarori, O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2011 yil 22 sentyabrda 632-2-son bilan davlat ro'yxatiga olingan.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «2011-2015 yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting ko'rsatkichlariga erishishning ustuvor yo'nalishlari to'g'risida» 2010 yil 26 noyabrdagi PQ-1438-sonli Qaroriga asosan, moliya-bank faoliyatining normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish, zamon talablari va xalqaro normalar hamda standartlarga muvofiq holda amaldagi qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish hamda yangi qonun hujjatlari va me'yoriy hujjatlar qabul qilish, shuningdek kreditlar bo'yicha muammoli qarzlarning hosil bo'lishiga yo'l qo'ymaslik borasida oldini olish choralarini ko'rish yo'li bilan tijorat banklarining kredit portfeli muttasil o'sishi hamda sifati yaxshilanishini ta'minlash respublikaning moliya-bank tizimini isloh qilish va barqarorligini oshirishning asosiy yo'nalishlaridan hisoblanadi.

Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 26 noyabrdagi PQ-1438-sonli Qarorining 1-ilovasi 32-bandida, bank tavakkalchiliklarini boshqarishda chuqur omilli tahlilni amalga oshirishning aniq mexanizmini joriy qilish, zaxiralarni shakllantirish, kredit portfelini diversifikatsiyalashni ko'zda tutgan holda banklar aktivlari sifati monitoringini takomillashtirish, shuningdek muammoli qarzdorlik paydo bo'lishiga yo'l qo'ymaslik yuzasidan ogohlantiruvchi choralar qabul qilish belgilangan.

Mazkur vazifa ijrosini ta'minlash maqsadida 2011 yil 10 sentyabrda Markaziy bank Boshqaruvining «Aktivlar sifatini tasniflash, tijorat banklari tomonidan ular bo'yicha ehtimoliy yo'qotishlarni qoplash uchun zaxiralarni shakllantirish va undan foydalanish Tartibiga o'zgartirishlar va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi 26/1-sonli qarori qabul qilindi.

Markaziy bank Boshqaruvining ushbu qarori 2011 yil 22 sentyabrda O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 632-2-son bilan davlat ro'yxatidan o'tkazilib 2011 yilning 2 oktyabrida kuchga kiradi.

Markaziy bankning «Aktivlar sifatini tasniflash, tijorat banklari tomonidan ular bo'yicha ehtimoliy yo'qotishlarni qoplash uchun zaxiralarni shakllantirish va undan foydalanish Tartibi»ga kiritilgan o'zgartirishlar va qo'shimchalarda, jumladan quyidagilar ifodalangan.

Markaziy bankda tijorat banki aktivlari bo'yicha ehtimoliy yo'qotishlarni qoplash uchun zaxiralanadigan majburiy zaxira depoziti tashkil qilindi hamda ushbu majburiy zaxira depozitiga tijorat banklari o'z aktivlari bo'yicha ehtimoliy yo'qotishlarga qarshi shakllantirilgan maxsus zaxiralar summasiga teng miqdordagi mablag'larni vakillik hisobvaraqlaridan o'tkazib borish talabi qo'yildi.

Majburiy zaxira depozitiga o'tkazilishi lozim bo'lgan mablag'lar miqdori har oyning 10, 20-sanalari va oy yakuni bo'yicha shakllantirilgan aktivlar bo'yicha ehtimoliy yo'qotishlarga qarshi zaxira summasidan kelib chiqib qayta hisob-kitob qilinadi.

Hisob-kitob natijalariga ko'ra, uch ish kuni mobaynida tijorat banklari maxsus zaxiralar summasiga etmayotgan miqdordagi mablag'larni majburiy zaxira depozitiga o'tkazishi yoki tijorat banklarining asoslantirilgan murojaatiga ko'ra Markaziy bank tomonidan ortiqcha mablag'lar banklarga qaytariladi.

Shuningdek, yangi kiritilgan o'zgartirishlarga ko'ra, Markaziy bank tijorat banklari kredit portfelini tahlil qilgan holda, tijorat banklariga qo'shimcha ravishda aktivlar bo'yicha ehtimoliy yo'qotishlarga qarshi zaxiralar shakllantirish yuzasidan ijro etilishi majburiy bo'lgan ko'rsatmalar yuborishi mumkin.

O'z navbatida, agar tijorat banklari yuqorida keltirilgan talablariga amal qilmagan taqdirda, Markaziy bank majburiy zaxira depozitiga o'tkazilishi lozim bo'lgan mablag'larni bankning Markaziy bankdagi vakillik hisobvarag'idan undirib oladi va bankka nisbatan O'zbekiston Respublikasining «O'zbekiston Respublikasining Markaziy banki to'g'risida»gi Qonunining 53-moddasiga muvofiq tegishli chora va sanktsiyalarni qo'llaydi.

Bundan tashqari, yangi kiritilgan o'zgartirishlar va qo'shimchalarga ko'ra, bank tomonidan ajratilayotgan barcha kreditlar bo'yicha to'lovlar kredit shartnomasining butun amal qilish muddatiga taqsimlangan holda bo'lib-bo'lib to'lanishi belgilab qo'yildi.

Ushbu qoida banklarda muammoli kreditlarning paydo bo'lishiga yo'l qo'ymaslik yuzasidan ogohlantiruvchi belgi sifatida xizmat qiladi.

Shu bilan birgalikda, kiritilgan o'zgartirishlar ko'ra, tijorat banklari o'z aktivlari sifatini tasniflash bo'yicha bir qator yangiliklar kiritildi.

Jumladan, eski qoidalarga ko'ra, 30 kungacha to'lov muddati o'tgan kreditlar «standart», 90 kungacha to'lov muddati o'tgan kreditlar«substandart» va 180 kundan ortiq kunga to'lovi kechiktirilgan kreditlar «umidsiz» sifatida tasniflangan bo'lsa, yangi tartibga ko'ra shartnoma muddatida to'lanmagan va grafik bo'yicha asosiy qarz va foizlar bo'yicha oraliq to'lovlar 180 kundan kechiktirilgan barcha kreditlar «umidsiz» sifatida tasniflanadi.

Bundan tashqari, sud jarayonidagi aktivlar, qarzdorning moliyaviy holati yomonligi va to'lovga qobiliyatsizligi sababli to'lov muddati uzaytirilgan aktivlar hamda bank faoliyatida foydalanilmaydigan, muammoli kreditlarni qoplash uchun olingan mulklar, ular bank balansiga olingan kundan boshlab uch oy muddatda sotilmagan aktivlar ham «umidsiz» sifatida tasniflanadi.

Mazkur qoidalarning joriy qilinishi tijorat banklari aktivlar sifatining yanada oshishiga, muammoli kreditlarni paydo bo'lishini dastlabki vaqtlarda aniqlashtirishga imkoniyatlarni yaratadi, pirovardida tijorat banklarining omonatchilari va kreditorlarining manfaatlarini yanada himoya qilinishini ta'minlaydi.

Sh.Xalyarov
O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining
Kredit tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash
va tartibga solish departamenti
 direktori o'rinbosari

Ro’yxatdan o’tish muddati: 04 fevral 2016 y.
docx 14.2 КБ
Yuklab olish



 
USD = 10490.65
+12.79
EUR = 12513.25
-93.71
RUB = 140.52
-1.32
GBP = 14499.13
-95.48
JPY = 96.73
-0.88
CHF = 11288.77
-61.96
CNY = 1617.98
-1.6
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X