Joriy yil 15-sentyabr kuni Markaziy bankda “Ayollar tadbirkorligi bo‘yicha moliyaviy kodeks” – WE-Finance Code xalqaro tashabbusining O‘zbekistonda joriy etilishining 1-yillik natijalariga bag‘ishlangan tantalnali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun: Ushbu tashabbus bugungi kunda dunyoning 30 dan ortiq davlatida amalga oshirilmoqda.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Malika Kadrxanova, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari maslahatchisi Nozima Davletova, shuningdek, milliy va xalqaro ekspertlar, bank va moliyaviy tashkilotlar, davlat idoralari hamda xalqaro hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida Kodeks doirasida erishilgan yuksak yutuqlar taqdim etildi. Xususan:
1. Ayollar tadbirkorligi bo‘yicha moliyaviy kodeks doirasida tijorat banklari, mikromoliya tashkilotlari va assosiatsiyalarni o‘z ichiga olgan 17 ishtirokchidan tashkil topgan Milliy Koalisiya tuzilganligi
2. Markaziy bank tomonidan milliy koordinator sifatida Milliy Nizom ishlab chiqilgani va O‘zbekiston ushbu tashabbus doirasida Milliy Nizom ishlab chiqqan mintaqadagi birinchi davlat sifatida e’tirof etilgani.
3. Tadbirkor ayollarning moliyaviy ommaboplik ko‘rsatkichlarini qamrab olgan yangi ma’lumotlar platformasi (dashboard) taqdim etildi.
Ushbu yutuqlar xalqaro hamjamiyat tomonidan O‘zbekistonning inklyuziv iqtisodiy siyosatni rivojlantirish va mamlakat nufuzini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, tadbir doirasida Kodeksning yangi a’zolari – Savdo-sanoat palatasi va “Hamroh” kompaniyasi tomonidan majburiyatnomalarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
WE-Finance Code tashabbusining 1-yillik natijalari nafaqat ayollar tadbirkorligi uchun keng imkoniyatlar ochadi, balki mamlakat iqtisodiyotida inklyuzivlik va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.