O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar uchun “Axborotlashtirish bosh markazi DUK faoliyati hamda to‘lov tizimlari orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlar” mavzusida media-muloqot tashkil etildi.
Media-muloqotda mamlakatimizda to‘lov tizimlarining rivojlanish bosqichlari, bugungi holati va istiqbollari haqida ma’lumot berildi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda naqd pulsiz to‘lovlar hajmi sezilarli darajada oshgan. Xususan, 2021 yilda banklararo to‘lov tizimida 57 mln. tranzaksiya amalga oshirilgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 76,4 mln.ga yetdi.
Uchrashuv davomida to‘lov tizimlarining asosiy ishtirokchilari – tijorat banklari, Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi, Milliy kliring markazi va to‘lov xizmatlarini taqdim etuvchi tashkilotlarning roli ham tushuntirildi. Shuningdek, kelgusi ustuvor yo‘nalishlar sifatida tezkor to‘lov tizimlarini rivojlantirish, raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda huquqiy bazani mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Media-muloqot davomida jurnalist va blogerlar elektron to‘lovlarning huquqiy jihatlari, bank tizimi ishtirokchilari o‘rtasidagi hamkorlik hamda mijozlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkoniga ega bo‘lishdi.
Markaziy bankning to‘lov tizimlari orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlar muhokama qilindi
Yangilangan sana: 6 Mar 2025, 17:43










