Markaziy bankda ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar uchun "O‘zbekiston hududida bank kartalariga asoslangan chakana to‘lovlarning rivojlanishi va istiqbollari" mavzusida media-muloqot o‘tkazildi. Unda o‘tgan yillarda mamlakatimizda naqd pulsiz to‘lovlar bozorida qayd etilgan asosiy ko‘rsatkichlar va rivojlanish tendensiyalari qayd etib o‘tildi.
Jumladan, 2024 yilda banklararo to‘lov tizimi orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalar hajmi 7 279 trln so‘mga yetdi. Tezkor to‘lovlar tizimi orqali amalga oshirilgan operatsiyalar soni 47,6 mln tani tashkil etdi. QR-kod orqali to‘lovlar hajmi esa 441,7 mlrd so‘mga yetdi.
Tadbirda kontaktsiz texnologiyalar, “Humo Pay”, “Tap-to-Phone” va raqamli identifikatsiya (e-KYC) imkoniyatlari haqida ham ma’lumot berildi. Shu bilan birga, HUMO va UZCARD tizimlarining VISA, Mastercard, UnionPay kabi xalqaro platformalar bilan integratsiyasi, to‘lovlarning xavfsizligi va kiberxavfsizlik yo‘lidagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Media-muloqotda jurnalistlar va blogerlar mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olib, ushbu yo‘nalishda bilimlarini yanada boyitdilar.
O‘zbekistonda bank kartalariga asoslangan chakana to‘lovlarning rivojlanish istiqbollari
Yangilangan sana: 11 Apr 2025, 21:18