Markaziy bank boshqaruvining “Bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qoʻyiladigan minimal talablar toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish haqida”gi qarori Adliya vazirligida 2025-yil 28-oktabr kuni 3030-11-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.
Mazkur nizomga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar bilan quyidagi asosiy talablar kiritilmoqda:
banklar tomonidan qarz oluvchi jismoniy shaxslarga kredit majburiyatlari bilan bogʻliq ehtimoliy tavakkalchiliklar toʻgʻrisidagi maʼlumot berilishini nazarda tutuvchi standart cheklist shakli amaliyotga joriy etilmoqda. Mazkur cheklist qarz oluvchilarga kredit bilan bogʻliq majburiyatlar va ehtimoliy tavakkalchiliklar toʻgʻrisida oldindan maʼlumot (tushuntirish) bergan holda, ularni kredit olish boʻyicha masʼuliyatli qaror qabul qilishga undaydi;
moliyaviy qiyinchiliklar sababli kredit toʻlovlarini oʻz vaqtida toʻlashga qiynalayotgan qarz oluvchilarning amaldagi kreditlari shartnomasi shartlariga oʻzgartirish kiritish boʻyicha bankning ichki tartibi boʻlishi va uni isteʼmolchilarga oshkor qilishi yuzasidan talab belgilanmoqda. Ushbu talab banklarning qiyin vaziyatlarda mijozlarni qoʻllab-quvvatlash tizimini rivojlantirish, kredit shartnomasini restrukturizatsiya qilish jarayonlari shaffofligini taʼminlash va banklarda bu borada aniq qoidalarni shakllantirishga xizmat qiladi;
ayrim insofsiz amaliyotlarni cheklash, xususan isteʼmolchilarga kredit olish boʻyicha arizasida (soʻrovida) koʻrsatilgan miqdordan ortiqcha summada kredit taklif etgan holda uni olishga undamaslik, kredit qarzdorliklarini davlat tomonidan fuqarolarga ajratiladigan ijtimoiy nafaqa va yordam mablagʻlariga qaratmaslik hamda kredit shartnomasida yoki unga ilova qilingan kreditni qaytarish jadvalida toʻlovlar boʻyicha belgilangan kalendar sanaga qadar kredit toʻlovlarini undirishga talab qoʻymaslik belgilanmoqda. Mazkur normalar aholining ortiqcha qarz majburiyatlariga ega boʻlishini oldini olish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qoʻllab-quvvatlash va davlat tomonidan ajratiladigan maqsadli yordam mablagʻlari daxlsizligini taʼminlash hamda kreditni qaytarish jadvalida belgilangan kalendar sanalarga muvofiq kredit toʻlovlarini undirilishini tartibga solish boʻyicha banklarning masʼuliyatini oshiradi;
moliyaviy xizmatlar koʻrsatilayotganda isteʼmolchining xohish-irodasini ifodalovchi har qanday belgilarni oldindan oʻrnatib qoʻyish, tanlab qoʻyish hamda kredit parametrlari koʻrsatilgan maydonchalarni oldindan toʻldirish cheklanmoqda. Bu esa oʻz navbatida, isteʼmolchilarning bank xizmatlaridan foydalanish jarayonlarida qaror qabul qilish erkinligini taʼminlaydi, bank mahsulotlari shartlarining shaffofligi mustahkamlanadi hamda bank va mijoz oʻrtasida kelgusida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan tushunmovchiliklarini oldini oladi;
tijorat banklari tomonidan isteʼmolchilarga omonatlarni kafolatlash tizimi, kafolatlanadigan omonat turlari va miqdori, kompensatsiya berish tartibi va uni toʻlash muddatlari toʻgʻrisida batafsil tushuntirish hamda hamda standart shakldagi axborot berish talabi belgilanmoqda. Mazkur talab aholining omonat xavfsizligi yuzasidan xabardorligini oshirish, moliyaviy savodxonligini yaxshilash hamda ularning bank tizimiga boʻlgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Nizomga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar 2026-yil 29-yanvardan kuchga kiradi.
Toʻliq hujjat bilan ushbu havola orqali batafsil tanishishingiz