Markaziy bankda mamlakat bank tizimida moliyaviy barqarorlik holati, shuningdek banklar kapital monandligiga va likvidlilikka qo‘yiladigan talablarga kiritilayotgan o‘zgarishlar yuzasidan bank mutaxassislari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda dastlab Markaziy bank tomonidan banklarning kapital monandligi hamda likvidligi me’yoriy talablariga kiritilayotgan o‘zgarishlar yuzasidan ma’lumotlar berildi. Bunda, kiritilayotgan o‘zgarishlar bo‘yicha Markaziy bank va tijorat banklari mutaxassislari tomonidan o‘zaro fikr almashildi.
Tadbirning ikkinchi qismida Markaziy bank tomonidan bank tizimidagi moliyaviy holat va banklarning shoklarga bardoshliligini baholash maqsadida o‘tkazilgan to‘lov qobiliyati hamda likvidlilik makro stress-test natijalari bo‘yicha taqdimot bo‘lib o‘tdi. Taqdimot davomida moliyaviy barqarorlikka ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan tizimli xatarlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Markaziy bank tomonidan aniqlangan xatarlar yuzasidan tijorat banklariga tahlil jarayonlarini yanada kuchaytirish va xatarlar oldini olish bo‘yicha zaruriy chora-tadbirlarni amalga oshirish borasida ko‘rsatmalar berildi.