2024–2025–yillarda Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va Jahon banki tomonidan Moliyaviy sektorni baholash dasturi (FSAP) doirasida Oʻzbekistonning bank-moliya tizimi ilk marotaba kompleks baholashdan oʻtkazildi.
Mazkur baholash natijasida Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va Jahon banki tomonidan “Moliyaviy tizim barqarorligini baholash” (FSSA), “Moliyaviy sektorni baholash” (FSA) va “Bank nazoratining samarali amalga oshirilishi bo‘yicha bank nazorati bo‘yicha Bazel qo‘mitasining asosiy tamoyillariga muvofiqligini baholash” (BCP) hisobotlari chop etildi hamda ushbu hisobotlarda bank-moliya tizimini takomillashtirishga qaratilgan qator tavsiyalar berildi.
Mazkur hisobotlar hamda baholovchilarning tavsiyalari asosida
2025–2028-yillarda banklar faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan “Yoʻl xarita” ishlab chiqilib, Markaziy bank boshqaruvi tomonidan tasdiqlandi.
“Yo‘l xarita”da quyidagi ustuvor yo‘nalishlar belgilandi:
- Markaziy bankning banklar faoliyatini tartibga solish hamda nazorat qilishga oid institutsional salohiyatini takomillashtirish maqsadida qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish;
- Bazel III standartini, shu jumladan ikkinchi (Pillar 2) hamda uchinchi (Pillar 3) ustunlarini to‘liq joriy qilish;
- banklarda korporativ boshqaruv hamda tavakkalchiliklarni boshqarish tizimlariga doir talablarni takomillashtirish;
- Markaziy bankning bank nazoratiga oid ichki jarayonlarini takomillashtirish hamda tavakkalchilikka asoslangan bank nazorati tizimini to‘liq joriy qilish;
- banklar va bank guruhlarida konsolidatsiyalashgan nazorat tizimini joriy etish;
- banklarni sanatsiya qilish mexanizmini yolga qo‘yish, shiningdek banklarni tugatish tartib-taommillarini hamda omonatlarni kafolatlash tizimini takomillashtirish;
- banklarni nazorat qilishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash;
- moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan choralarni takomillashtirish.