O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida 2025-yil 27-noyabrda “Inflyatsion targetlash rejimida suzuvchi valyuta kursining ahamiyati” mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda xalqaro moliya institutlari, iqtisodchi olimlar, bank-moliya sohasi vakillari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan valyuta bozorini rivojlantirish islohotlarining bosqichma-bosqich natijalari, suzuvchi valyuta kursiga o‘tish jarayoni hamda inflyatsion targetlashning samarali amalga oshirilishi yuzasidan qator muhim masalalar muhokama qilindi.
Davra suhbati davomida ekspertlar suzuvchi valyuta kursining inflyatsion targetlashdagi o‘rni, valyuta kursi dinamikasiga ta’sir etuvchi asosiy omillar, bugungi global sharoitda xalqaro zaxiralarni boshqarishning zamonaviy yondashuvlari haqida atroflicha fikr almashdilar. Shuningdek, milliy valyutaga ishonchni mustahkamlash, valyuta bozori shaffofligi va barqarorligini oshirish bo‘yicha xalqaro tajribalar hamda amaliy tavsiyalar muhokama qilindi.
Shuningdek, xalqaro ekspertlar suzuvchi valyuta kursini tashqi shoklarni yumshatishdagi roli, transmission kanallar va makroiqtisodiy barqarorlikka ta’siri yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdilar.
Xususan, xalqaro ekspertlar Markaziy bankning tijorat banklari, xususiy sektor va xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik – erkin suzuvchi kursga bosqichma-bosqich o‘tishda hal qiluvchi omil ekanligi, bozor infratuzilmasini chuqurlashtirish, kurs shakllanishi mexanizmlarini yanada takomillashtirish, derivativlar bozorini rivojlantirish va mahalliy hedjirlash vositasini joriy etish yuzasidan kelgusidagi rejalariga katta qiziqish bildirdilar.
Markaziy bank kelgusida valyuta bozori infratuzilmasini yanada takomillashtirish, likvidlikni oshirish, ishonchli xalqaro rezerv boshqaruvi amaliyotini rivojlantirish va ilg‘or xalqaro standartlarga mos instrumentlarni joriy etish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilishini ma’lum qildi.