Markaziy bank tomonidan moliyaviy xizmatlar iste’molchilarining huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning birinchi choragida Shaffof-moliya va Tezcoin mikromoliya tashkilotlarida hamda Uzum bankda o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida qonunchilik talablarining buzilishi holatlari aniqlandi.
Xususan:
Mikromoliya tashkilotlarida:
mikroqarz ajratishda qarz yuki bo‘yicha belgilangan talablarga rioya qilinmagan;
murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha qonunchilik talablariga rioya etmaslik;
mikroqarz shartnomalarini rasmiylashtirishda qonunchilikda nazarda tutilgan ma’lumotlar to‘liq aks ettirilmagan;
mijozlarning kredit tarixi bo‘yicha ma’lumotlar belgilangan muddatlarda kredit byurolariga taqdim etilmagan.
Uzum bankda:
bank rasmiy veb-saytida axborot berish va iste’molchiga beriladigan axborotning minimal hajmi bo‘yicha talablarni bajarmaslik;
murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha qonunchilik talablariga rioya etmaslik;
kredit byurosiga iste’molchilarning kredit tarixi ma’lumotlari qonunchilikda belgilangan muddatdan kechiktirib yuborilgan;
iste’molchilar bilan tuzilgan shartnomalarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablar kiritilmaganligi bilan bog‘liq holatlar.
Aniqlangan qoidabuzarliklar xususiyati va ko‘lami inobatga olinib, Markaziy bank tomonidan:
Shaffof-moliya mikromoliya tashkilotiga nisbatan – 201,0 mln. so‘m;
Tezcoin mikromoliya tashkilotiga nisbatan – 156,0 mln. so‘m;
Uzum bankka nisbatan 215,5 mln. so‘m miqdorida jarima sanksiyasi qo‘llanildi.
Shuningdek, Ipoteka-bank faoliyati yuzasidan kelgan kredit munosabatlariga doir iste’molchilarning murojaatlari o‘rganildi.
Murojaatda aks ettirilgan holatlar ko‘rib chiqilganda, Ipoteka-bank tomonidan bank xizmatlari iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda qonunchilik talablariga rioya etilmaganligi ma’lum bo‘ldi. Xususan,
kredit qarzdorliklari uchun mablag‘lar qarz oluvchilarning bank kartalaridan to‘lov jadvalida belgilangan sanadan oldin yechib olingan;
kredit shartnomasida qarz oluvchi (birgalikda qarz oluvchi)ga tegishli bo‘lgan bank kartasidan mablag‘lar kredit qarzdorliklari uchun akseptsiz (roziliksiz) yechib olinishi belgilanmagan bo‘lsada, mablag‘lar akseptsiz yechib olingan;
kredit shartnomasi bo‘yicha garov mulkiga nisbatan bankning huquqlari to‘g‘risidagi yozuv qonunchilikda belgilangan muddatdan kechiktirib garov reyestridan chiqarilgan;
shartnomalarni rasmiylashtirishda qonunchilik talablariga rioya etilmagan.
Markaziy bank tomonidan yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan qoidabuzarliklar uchun Ipoteka-bankka nisbatan 105,0 mln. so‘m miqdorida jarima sanksiyasi qo‘llanildi.
Shu bilan birga, joriy yilning birinchi choragida tijorat banklarining hududlardagi filiallari va alohida bo‘linmalarida “sirli mijoz” usulidagi nazorat tadbirlari o‘tkazildi.
Nazorat tadbirlarida tijorat banklari tomonidan iste’molchilar bilan o‘zaro munosabatlarni tashkil etishda oshkoralik, shaffoflik, axborotlarning to‘liqligi va to‘g‘riligiga oid qonunchilik talablariga rioya etilmaganlik holatlari kuzatildi.
Markaziy bank tomonidan yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan qoidabuzarliklar xususiyati, miqyosi, davomiyligi va boshqa holatlar inobatga olingan holda 14 ta bankka nisbatan jami 681,5 mln. so‘m jarima sanksiyasi qo‘llanildi. Shundan, Agrobankka – nisbatan 255,0 mln. so‘m, O‘zsanoatqurilishbankka – nisbatan 119,5 mln. so‘m jarima belgilandi.