Markaziy bankning Bank nazorati qoʻmitasi tomonidan 2025-yilning dekabr oyidagi yigʻilishlar (jami 6-marta) davomida 45 ta masala koʻrib chiqildi va ular boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
Roʻyxatga olish va ruxsat berish yoʻnalishida jami 30 ta masala koʻrib chiqildi. Jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan oʻzgartirishlarni roʻyxatdan oʻtkazish (5 ta), yangi ochilayotgan mikromoliya va kredit tashkilotlarini hisob roʻyxatidan oʻtkazish (4 ta), kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish (4 ta), “tartibga solish qumdoni” asosida faoliyat yuritish (1ta), banklarning auditorlik tekshiruvlarini oʻtkazish huquqi uchun auditorlik malaka sertifikatini berish (4 ta) shuningdek, tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi aʼzolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini koʻrib chiqish (12 ta) bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi.
Shu bilan birga, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 15 ta masala, xususan, Markaziy bankning koʻrsatmalari va prudensial meʼyorlari talablarining bajarilishi, tijorat banklari, kredit va mikromoliya tashkilotlarida oʻtkazilgan inspeksiya natijalari, bank xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish, shuningdek jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish hamda bank va toʻlov tashkilotlarida kiberxavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan masalalar koʻrib chiqildi.
Prudensial normativ talablariga rioya etilmaganligi, faoliyatini qonunchilik talablariga muvofiqlashtirmaganligi hamda inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan kamchiliklar uchun 10 ta bank, 1 ta toʻlov tashkiloti va 1 ta toʻlov operatiga nisbatan taʼsir choralari va sanksiyalar qoʻllanilishi toʻgʻrisida ogohlantirish berildi.
Shuningdek, Markaziy bank talablari, oʻtkazilgan inspeksiya tekshiruvlari hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish qoidalariga rioya etmaganligi uchun 10 ta bank va 1 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qoʻllanildi.