Shrift o‘lchami: A A A
Masshtab: A A A A
Rang: A A A A
Rasmlar: Yoqish O‘chirish

O‘zbekiston Markaziy bankida Visa kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Yangilangan sana: 22 Yan 2026, 14:53
22 Yan 2026

Joriy yilning 19-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida xalqaro to‘lov tizimi — Visa delegatsiyasi bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv mamlakatda moliyaviy texnologiyalar (fintech) sohasi, raqamli to‘lov infratuzilmasi va zamonaviy moliyaviy xizmatlarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilishga bag‘ishlandi.

Markaziy bank tomonidan Raisining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Saydullayev hamda to‘lov tizimlari, moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish va xalqaro hamkorlik uchun mas’ul bo‘lgan tegishli departamentlar rahbarlari qatnashdi. Visa kompaniyasi tomonidan uchrashuvda Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktor Sanjar Suleymanov, shuningdek, protsessing xizmatlari va davlat organlari bilan hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha mas’ul vakillar ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida tomonlar 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish milliy strategiyasini ishlab chiqish, milliy “switch” to‘lov tizimini yaratish, shuningdek, QR-to‘lovlar bo‘yicha yagona standartlarni joriy etish kabi strategik masalalarni muhokama qildilar. Ochiq bank tizimini (Open Banking) rivojlantirish, shuningdek, jismoniy shaxslarning bank hisobvaraqlari orqali “raqamdan-raqamga” tamoyili asosida pul o‘tkazmalari xizmatini joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shu bilan birga, uchrashuvda O‘zbekistonda fintech ekotizimini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinib, mamlakatni mintaqaviy fintech markazlaridan biriga aylantirish bo‘yicha rejalar ko‘rib chiqildi. Xususan, joriy yilda O‘zbekistonda xalqaro miqyosdagi fintech tadbirini o‘tkazish rejalashtirilayotgani qayd etildi. Mazkur tadbir doirasida turli davlatlarning markaziy banklari vakillari, siyosat ishlab chiquvchilar, xalqaro moliyaviy institutlar, venchur fondlar va fintech kompaniyalarini bir maydonda jamlash ko‘zda tutilgan.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston Respublikasida zamonaviy, xavfsiz va barqaror raqamli moliyaviy xizmatlar ekotizimini shakllantirishga qaratilgan konstruktiv muloqotni davom ettirish hamda hamkorlikni yanada rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

USD = 12275.58
-11.73
EUR = 14591.98
-52.04
RUB = 159.09
+0.26
GBP = 16754.94
-73.76
JPY = 80.28
+0.08
CHF = 15981.75
-63.31
CNY = 1778.73
+0.59
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X