Joriy yilning 5-fevral kuni Markaziy bank va “Yangi O‘zbekiston” universiteti o‘rtasida ta’lim hamda ilmiy tadqiqotlar sohasida uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Anglashuv Memorandumi imzolandi.
Memorandum doirasida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi:
- ilmiy-tadqiqot ishlarini birgalikda amalga oshirish hamda o‘zaro manfaatli mavzular bo‘yicha qo‘shma ilmiy nashrlarni tayyorlash;
- qo‘shma ilmiy-amaliy va ilmiy-uslubiy konferensiyalar, forumlar hamda seminarlarni tashkil etish;
- universitetning iqtisodiyot, matematika va boshqa tegishli yo‘nalishlarida tahsil olayotgan bakalavriat, magistratura va doktorantura talabalarining ilmiy ishlarini Markaziy bank faoliyati uchun dolzarb mavzular bilan bog‘lash, shuningdek ularning Markaziy bankda amaliyot o‘tashlari uchun sharoit yaratish;
- Markaziy bank buyurtmasiga asosan xodimlarni universitetda tadqiqot metodlari, ma’lumotlar ilmi (data science), makroiqtisodiyot va mikroiqtisodiyot yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus kurslarda o‘qitish.
- Mazkur Memorandum ilm-fan va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish, malakali kadrlar tayyorlash hamda zamonaviy iqtisodiy tadqiqotlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.