Tijorat banklariga
Toʻlov tashkilotlariga
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 10-dekabrdagi PF-246-son Farmoni ijrosini taʼminlash doirasida joriy yil 17-fevraldagi №38-02/266-son xat bilan mobil ilovalar orqali amalga oshiriladigan P2P oʻtkazmalarida operatsiya maqsadini koʻrsatish funksiyasini joriy etish boʻyicha topshiriq yuborilgan edi.
Mazkur xatga qoʻshimcha koʻrsatma sifatida quyidagilar maʼlum qilinadi.
Mobil ilovalarning individual texnik yechimlari va foydalanuvchi interfeysining qulayligini saqlagan holda, shuningdek ularning oʻziga xos arxitekturasi, texnik imkoniyatlari hamda har bir bank mobil ilovasining individual xususiyatlari inobatga olingan holda mazkur yoʻnalishni takomillashtirish maqsadida tijorat banklari va toʻlov tashkilotlaridan taklif va mulohazalarini Markaziy bankning Toʻlov tizimlari departamentiga taqdim etishlari soʻraladi.
Shu bilan birga, mijozlar uchun raqamli xizmatlar qulayligini oshirish maqsadida, tijorat banklari va toʻlov tashkilotlari mobil ilovalarda P2P oʻtkazmalarida operatsiya maqsadini koʻrsatish funksiyasini oʻz ichki siyosatlari va texnik imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda ixtiyoriy tartibda, ya’ni yangi parametrlar bilan kengaytirib yoki taklif etilganlarini kamaytirib joriy etishlari mumkin.
Mazkur masala yuzasidan takomillashtirilgan mexanizm ishlab chiqilgandan soʻng qoʻshimcha ravishda alohida tartibda maʼlum qilinadi.
Ilgari surilayotgan o‘zgarishlarning asosiy maqsadi onlayn platformalar o‘rtasida sog‘lom raqobatni rivojlantirish va naqdsiz hisob-kitoblar ko‘lamini kengaytirishdir. Bu esa tijorat banklari va to‘lov tashkilotlari ilovalari foydalanuvchilari uchun yanada qulay xizmatlar va afzalliklar shakllanishiga xizmat qiladi.
Markaziy bank xabarnomasi
Yangilangan sana: 5 Mar 2026, 13:47