O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Frontclear Management B.V. kompaniyasi o‘rtasida O‘zbekistonda banklararo pul bozorini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan o‘zaro anglashuv Memorandumi imzolandi.
Mazkur hamkorlik doirasida tomonlar mamlakatda pul bozori infratuzilmasini rivojlantirish, repo hamda hosila moliyaviy vositalar bozorini kengaytirish, shuningdek moliya bozori ishtirokchilari uchun zarur institutsional va huquqiy muhitni yanada takomillashtirishga kelishib oldilar.
Memorandumga muvofiq, hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari quyidagilarni qamrab oladi:
-
banklararo pul bozori, davlat qimmatli qog‘ozlari ikkilamchi bozorini rivojlantirish va repo operatsiyalarining metodologik asoslarini takomillashtirish;
-
hosila moliyaviy vositalar bozorini rivojlantirish;
-
moliya bozori infratuzilmasini mustahkamlash hamda xalqaro standartlarga mos huquqiy bazani takomillashtirish;
-
banklar va moliya bozorining boshqa ishtirokchilari uchun bilim va malaka oshirish dasturlarini tashkil etish.
Shuningdek, O‘zbekistonda repo va hosila moliyaviy vositalar bo‘yicha huquqiy asoslarni takomillashtirish maqsadida ISDA va GMRA talablari asosida bitimlarning amaliy qo‘llanilishi hamda netting mexanizmlarining huquqiy ta’minoti yuzasidan amaldagi qonunchilik o‘rganilib, zarur taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Mazkur hamkorlik, mamlakatda banklararo pul bozori va moliya bozorini faoliyatini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish hamda valyuta risklarini boshqarish mexanizmlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.