Markaziy bankning Bank nazorati qoʻmitasi tomonidan 2026-yilning mart oyidagi yigʻilishlar (jami 7-marta) davomida 29 ta masala koʻrib chiqildi va ular boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
Roʻyxatga olish va ruxsat berish yoʻnalishida jami 17 ta masala, shu jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan oʻzgartirishlarni roʻyxatdan oʻtkazish (4 ta), kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish (3 ta), banklarda audit oʻtkazish huquqini berish uchun auditorlik malaka sertifikatini taqdim etish (1 ta), shuningdek, tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi aʼzolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini koʻrib chiqish (9 ta) bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqildi.
Shu bilan birga, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 12 ta masala koʻrib chiqildi. Xususan, Markaziy bankning koʻrsatmalari va prudensial meʼyorlari talablarining bajarilishi, bank va nobank kredit tashkilotlarida oʻtkazilgan inspeksiya hamda oʻrganishlar natijalari, shuningdek, tashkilotlarning moliyaviy xizmatlarini “tartibga solish qumdoni” doirasida sinovdan oʻtkazish masalalari muhokama qilindi.
Prudensial normativ talablariga rioya etilmaganligi hamda oʻz faoliyatini qonunchilik hujjatlari talablariga belgilangan tartibda muvofiqlashtirmaganligi uchun 17 ta bankka nisbatan chora va sanksiyalar qoʻllanilishi toʻgʻrisida ogohlantirildi.
Qonunchilik talablariga muvofiq faoliyatini tashkil etmaganligi, shuningdek, inspeksiya va oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar uchun 20 ta bank, 89 ta mikromoliya tashkiloti va 79 ta lombardga nisbatan jarima sanksiyalari qoʻllanildi.