Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo taraqqiyot bankining 59-yillik yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki vakillari Standard Chartered banki vakillari bilan xalqaro rezervlarni boshqarish va raqamli moliya masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuv davomida tomonlar raqamli banking, fintech yechimlari, raqamli aktivlar, raqamli kastodial saqlash hamda transchegaraviy hisob-kitoblar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha fikr almashdi. Standard Chartered vakillari raqamli moliyaning an’anaviy bank xizmatlari va yangi moliyaviy texnologiyalarni bog‘lashdagi roli ortib borayotganini ta’kidladi.
Markaziy bank raqamli valyutasi masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Markaziy bank CBDC sohasidagi xalqaro tajribani o‘rganayotgani va mas’ul idoralar bilan hamkorlikda tegishli yondashuvlarni baholayotganini qayd etdi.
Uchrashuvning alohida qismi rezervlarni boshqarish masalalariga bag‘ishlandi. Markaziy bank O‘zbekiston xalqaro rezervlarni boshqarishda xavfsizlik, likvidlik va daromadlilikka ustuvor ahamiyat qaratgan holda konservativ yondashuvga amal qilishini ta’kidladi. Shu bilan birga, rezerv aktivlarini yanada diversifikatsiya qilish va rezervlarni boshqarish jarayonlarini to‘liq avtomatlashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Tomonlar rezervlarni boshqarishdagi global tendensiyalar, jumladan, rezerv portfellarini diversifikatsiya qilish, kastodial banklar bilan hamkorlik, tashqi aktiv boshqaruvchilarni jalb etish hamda turli moliya bozorlaridagi imkoniyatlar yuzasidan fikr almashdi. Standard Chartered rezervlarni boshqarish va investitsiyalarni diversifikatsiya qilish bilan bog‘liq yo‘nalishlarda texnik ko‘mak ko‘rsatish hamda o‘z ekspertizasi bilan bo‘lishishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuvda, shuningdek, kastodial xizmatlar, kliring yechimlari, texnik ko‘mak va moliya bozori infratuzilmasi sohasidagi kelgusi hamkorlik kabi amaliy masalalar ko‘rib chiqildi. Uchrashuv yakunida tomonlar rezervlarni boshqarish, raqamli moliya va zamonaviy moliyaviy texnologiyalar yo‘nalishlarida muloqotni davom ettirish hamda amaliy hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganishga tayyorligini bildirdi.