O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va mamlakatdagi yetakchi mustaqil tadqiqot markazlaridan biri — ERGO Analytics o‘rtasida ilmiy va akademik hamkorlik bo‘yicha Memorandum imzolandi.
Memorandum tomonlar o‘rtasida strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ilmiy salohiyatni birlashtirish va iqtisodiy siyosatni shakllantirishda dalillarga asoslangan yondashuvlarni kengaytirishni maqsad qilgan.
Hamkorlikning uchta asosiy yo‘nalishi:
Qo'shma ilmiy tadqiqotlar: Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlari hududidagi 90 ta mahallada jami 2 700 nafar aholini qamrab oluvchi ekperimental tadqiqot (cluster RCT) o‘tkazish. Loyiha aholi orasida jamg‘arish xulq-atvorini va moliyaviy savodxonlikni oshirishga qaratilgan xulq-atvor intervensiyalarining samaradorligini baholaydi.
Xalqaro nashrlar: Scopus va Web of Science bazalariga kiritilgan jurnallarda qo‘shma ilmiy maqolalar chop etiladi.
Ilmiy va amaliy tadbirlar, qo‘shma seminar, trening va bilim almashish dasturlari tashkil etiladi.
ERGO Analytics 20 dan ortiq ilmiy-tadqiqot loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirgan, davlat organlari va xalqaro hamkorlar bilan faol ishlaydigan mustaqil tadqiqot markazidir.
Ushbu hamkorlik O‘zbekistonda dalillarga asoslangan moliyaviy siyosatni kuchaytirishda muhim qadam bo‘ldi. Evidence-based policy va behavioral economics sohasida yangi imkoniyatlar ochilmoqda.