O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi vakillari bilan FINGROW dasturi doirasida hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuv davomida to‘lov tizimlarini rivojlantirish, kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirishni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, tahliliy va institutsional hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar raqamli to‘lov infratuzilmasini takomillashtirish, naqd pulsiz hisob-kitoblar ulushini oshirish hamda zamonaviy to‘lov yechimlarini joriy etish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish muhimligini ta’kidladilar. Kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish sohasida qisman kredit kafolatlari va portfel kafolatlari mexanizmlarini rivojlantirish, kreditlash jarayonlarida raqamli vositalardan foydalanish hamda risklarni baholash tizimlarini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, regulyatorlar o‘rtasida bilim almashish va tahliliy materiallar bilan ishlash bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Ushbu yo‘nalishda xalqaro tajribani o‘rganish, tadqiqot va tahliliy materiallar almashish, dalillarga asoslangan yondashuvlarni qo‘llab-quvvatlash hamda kelgusida muhim yo‘nalishlar bo‘yicha alohida ekspert muhokamalarini tashkil etish taklif qilindi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar FINGROW dasturi doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda belgilangan ustuvor tashabbuslarning keyingi bosqichlarini amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishdilar.