Shrift o‘lchami: A A A
Masshtab: A A A A
Rang: A A A A
Rasmlar: Yoqish O‘chirish

Markaziy bank va XVJ ekspertlari mamlakatda kapital harakatini liberallashtirish boʻyicha texnik koʻmak missiyasining dastlabki natijalarini muhokama qildi

Yangilangan sana: 15 Iyun 2026, 10:25
15 Iyun 2026

Markaziy bankda Xalqaro valyuta jamgʻarmasi ekspertlari bilan “Oʻzbekistonda kapital harakatini liberallashtirish: qayta yangilangan yoʻl xaritasi” mavzusidagi texnik koʻmak missiyasi hisoboti boʻyicha uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda Markaziy bank rahbariyati XVJ ekspertlariga koʻrsatilayotgan texnik yordam uchun minnatdorchilik bildirib, kapital harakati bilan bogʻliq operatsiyalarni bosqichma-bosqich liberallashtirish masalasi mamlakatning makroiqtisodiy barqarorligi va bank-moliya tizimi uchun muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

XVJ ekspertlari tomonidan missiya davomida Oʻzbekiston iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan islohotlar, soʻnggi yillardagi institutsional oʻzgarishlar va moliya bozorining transformatsiya jarayonlari tahlil qilinganligi, shuningdek, missiya doirasida Markaziy bank, boshqa tartibga soluvchi idoralar, davlat organlari, bozor ishtirokchilari va investorlar bilan 25 dan ortiq uchrashuvlar oʻtkazilganligi bildirildi.

Ekspertlar tomonidan kapital harakatini erkinlashtirish ushbu jarayonlardan olinadigan manfaatlar koʻriladigan zararlardan yuqori boʻlganda amalga oshirilishi maqsadga muvofiqligi maʼlum qilindi. Xususan, kapital harakatini liberallashtirish borasidagi qarorlar moliyaviy barqarorlik, valyuta bozori holati, tashqi sektor koʻrsatkichlari hamda mamlakat iqtisodiyotining kapital oqimlarini oʻzlashtirish va boshqarish salohiyatidan kelib chiqib qabul qilinishi lozimligi qayd etildi.

Shuningdek, kapital harakatini liberallashtirish jarayoni bozor islohotlari, bank sektorini xususiylashtirish, davlat ulushi yuqori boʻlgan korxonalar islohotlari, muammoli kreditlar darajasini kamaytirish va makroprudensial siyosat choralarini kuchaytirish bilan muvofiqlashtirib borilishi lozimligi taʼkidlandi.

Yangilanishi kutilayotgan yoʻl xaritasi bosqichma-bosqich yondashuvga asoslanib, unda avvalo iqtisodiy xatarlarni oldini olish mexanizmlarini shakllantirish, dastlab past tavakkalchilikka asoslangan operatsiyalar boʻyicha yengilliklar joriy etish, keyinchalik liberallashtirish doirasini ehtiyotkorlik bilan kengaytirish va makroiqtisodiy sharoitlarga muvofiqlashtirib borish nazarda tutiladi.

Uchrashuvda investorlar va bozor ishtirokchilari bilan ochiq va izchil kommunikatsiya olib borish zarurligi, shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, Soliq qoʻmitasi va Bojxona qoʻmitasi bilan institutsional hamkorlikni yanada kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Markaziy bank rahbariyati xalqaro tajribani, xususan, mavjud cheklovlardan bosqichma-bosqich voz kechish amaliyoti hamda makroprudensial siyosat choralarini chuqur oʻrganish muhimligini bildirdi. Shu bilan birga, moliyaviy inklyuzivlik, kichik va oʻrta biznes subyektlari uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari ham liberallashtirish jarayonida eʼtibordan chetda qolmasligi zarurligi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar texnik koʻmak hisoboti boʻyicha fikr va takliflarni almashish, yakuniy hisobotni tayyorlash hamda kapital harakatini liberallashtirish boʻyicha kelgusidagi hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.


 

USD = 12085.56
+33.51
EUR = 13870.60
-114.6
RUB = 164.52
-0.78
GBP = 16002.49
-168.95
JPY = 75.16
-0.08
CHF = 15058.01
-168.84
CNY = 1785.74
+2.29
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X