Markaziy bankda Pul bozori ishchi guruhining navbatdagi yig‘ilishi doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (EBRD) ekspertlari hamda tijorat banklarining g‘aznachilik bo‘linmalari vakillari ishtirokida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda bank tizimida moliyaviy instrumentlarni narxlash yondashuvlarini takomillashtirish, foiz stavkasi kutilmalarini baholash, shuningdek, foiz stavkasi va valyuta risklarini boshqarishda derivativ instrumentlardan foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirning asosiy maqsadi bank tizimida aktiv va passivlarni boshqarish amaliyotini xalqaro tajriba asosida yanada takomillashtirish, moliyaviy instrumentlarni baholashda bozor kutilmalarini hisobga olish, shuningdek, pul bozorini yanada rivojlantirish va pul-kredit siyosati transmissiya mexanizmini kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.
Seminar davomida tijorat banklari kreditlar, depozitlar va boshqa moliyaviy instrumentlar bo‘yicha narxlarni belgilashda faqat joriy bozor foiz stavkalariga emas, balki kelgusi davrlar bo‘yicha shakllanayotgan bozor kutilmalari, risk mukofotlari, likvidlik sharoitlari hamda kapital xarajatlari kabi omillarni ham inobatga olish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, foiz stavkalari bo‘yicha kutilmalarini baholashda daromadlilik egri chizig‘i, asosiy stavkaning kelgusidagi yo'nalishi bo'yicha kutilmalar va pul oqimlarining joriy qiymatini hisoblash usullaridan foydalanish bo‘yicha amaliy yondashuvlar muhokama qilindi. Ushbu yondashuvlar banklarga kredit va depozit mahsulotlari narxini yanada asosli shakllantirish, aktiv va passivlar muddatlari hamda qayta narxlanish davrlari o‘rtasidagi tafovutlarni samaraliroq boshqarish imkonini berishi tushuntirildi.
Tadbirda foiz stavkasi svoplari va boshqa derivativ instrumentlarning banklarda foiz stavkasi risklarini boshqarishdagi o‘rni alohida ko‘rib chiqildi. Jumladan, foiz stavkasi svoplari orqali belgilangan stavkali majburiyatlar yoki aktivlar bo‘yicha yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan risklarni kamaytirish, banklarning sof foiz daromadlarini barqarorlashtirish hamda uzoq muddatli moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari amaliy misollar asosida tushuntirildi.
Shu bilan birga, milliy valyutadagi moliyaviy instrumentlar bozorini rivojlantirishda UZONIA kabi benchmark stavkalarining ahamiyati ta’kidlandi. UZONIA asosida suzuvchi foiz stavkali kreditlar, depozitlar, obligatsiyalarni joriy qilish hamda foiz stavkasi risklarini derivativlar instrumentlar orqari tartibga solish bank tizimida risklarni bozor mexanizmlari orqali boshqarish imkoniyatlarini kengaytirishi qayd etildi.
Seminar yakunida makroiqtisodiy tahlil, foiz stavkasi kutilmalari va moliya bozoridagi risklarni to‘g‘ri baholash banklarning moliyaviy barqarorligini ta’minlash, aktiv va passivlarni samarali boshqarish hamda bozor sharoitlariga moslashuvchanligini oshirishda muhim omil ekani ta’kidlandi.
Markaziy bank moliya bozori ishtirokchilari bilan bu kabi amaliy muloqot va texnik seminarlarni tizimli ravishda davom ettirib, pul bozorini yanada rivojlantirish, benchmark stavkalardan foydalanish amaliyotini kengaytirish hamda banklarda foiz stavkasi risklarini boshqarish salohiyatini oshirish bo‘yicha ishlarni davom ettiradi.