Markaziy bank maxsus stipendiyasi iqtisodiyot, bank ishi, moliya, yurisprudensiya va axborot texnologiyalari sohalari boʻyicha taʼlim olayotgan, yuqori akademik koʻrsatkichlarga, ilmiy tadqiqot va ijodiy salohiyatga, shuningdek, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega boʻlgan iqtidorli talabalarni qoʻllab-quvvatlash hamda Markaziy bank tizimi uchun malakali va istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida joriy etiladi.
Mazkur dastur har yili oʻtkazilib, unda respublikamizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar ishtirok etishi mumkin. Tanlovda ishtirok etish huquqi bakalavriat hamda magistraturaning soʻnggi bosqichi kunduzgi boʻlimida tahsil olayotgan talabalarga beriladi.
Stipendiya shartlari va imkoniyatlari
Markaziy bank stipendiyasi Oʻzbekiston Respublikasi hududida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining kamida uch baravari miqdorida belgilanadi. Stipendiatlar tanlov asosida saralab olinadi va ular Markaziy bankning tegishli boʻlinmalarida haftasiga 15 soatdan oshmagan tarzda amaliyot oʻtash imkoniyatiga ega boʻladilar. Bu jarayon talabalarga bank tizimi bilan yaqindan tanishish, nazariy bilimlarini amaliy tajriba bilan boyitish imkonini beradi.
Talabgorlar uchun asosiy talablar:
- Soʻnggi oʻquv yili yakuniga koʻra yuqori reyting koʻrsatkichiga ega boʻlishi;
- davlat tilini mukammal darajada egallagan boʻlishi;
- rus va ingliz tillarini kamida B2 darajasida bilish;
- Iqtisodiyot - (60410100), Makroiqtisodiyot - (70410103), Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar - (60411100), Statistika - (60410700), Moliya va moliyaviy texnologiyalar (60410500), Bank ishi (60410600), Bank ishi (70410601), Buxgalteriya hisobi (60410200), Sun’iy intellekt (60610500), Dasturiy injiniring (60610400), Axborot xavfsizligi (60610200), Axborot tizimlari va texnologiyalari (60610100), Yurisprudensiya - (70420100), Yurisprudensiya - (60420100), Dizayn: mediadizayn - (60210400), Filologiya va tillarni oʻqitish: oʻzbek tili - (60230100), Tarjima nazariyasi va amaliyoti - (tillar boʻyicha) (60230200) yoki tegishli yo‘nalishda boshqa nomdagi mutaxassisliklar
Ustunlik beriladigan mezonlar:
- ACCA va boshqa xalqaro darajadagi moliyaviy sertifikatlarga ega boʻlish;
- Big Data (katta ma’lumotlar) bilan ishlash koʻnikmasiga ega boʻlish;
- IELTS sertifikatida 7.0 yoki undan yuqori ball;
- Iqtisodiyot, moliya yoki axborot texnologiyalari yoʻnalishidagi xalqaro yoki respublika miqyosidagi olimpiadalarda gʻolib yoki sovrindor boʻlish.
Tanlovning oʻtkazish tartibi:
Yuqoridagi talablarga to‘liq mos keluvchi talabalar https://t.me/cbu_official_bot da ariza topshiradilar. (Arizalar Markaziy apparat yoki tegishli hududiy bosh boshqarmani tanlash orqali
11-sentabrga qadar qabul qilinadi)
Test sinovlari masofaviy shaklda 15-sentabr kuni soat 10:00 da quyidagi havola yordamida oʻtkaziladi
- Iqtisodiyot, bank ishi, moliya va statistika mutaxassisliklar uchun (makroiqtisodiyot, mantiqiy fikrlashga oid savollar);
- Yurisprudensiya, axborot texnologiyalari va boshqa yo‘nalishlar boʻyicha (mantiqiy fikrlash va sohaga oid savollar).
- Test sinovidan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarning xorijiy tillarni bilish darajasi
16-sentabr kuni soat 11:00da Google Meet dasturi yordamida oʻtkaziladigan suhbat natijalari orqali baholanadi.
- Eng munosib deb topilgan nomzodlar 18-sentabr kuni soat 10:00 da tashkil etiladigan Ekspert guruhining suhbatiga taklif etiladilar. (Hududlarda hududiy Ekspert guruhi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi)
Ma’lumot uchun telefon raqami:
(71) 212 – 60 – 91










