Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

Savol-javob

Yangilangan sana:  11 May 2021, 13:00
11 May 2021

Savol: Firibgarlarni qanday farqlash mumkin? Ular qanday so‘zlar bilan aldashga urinishadi? Shu haqida ma'lumot bersangiz.

Javob: Kuzatuvlar va kelib tushayotgan murojaatlar o‘rganilganda firibgarlar asosan fuqaroning qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini Markaziy bank, tijorat banki, to‘lov tashkiloti yoki to‘lov tizimi operatorining nomidan xavfsizlik, plastik karta, mijozlarni qo‘llab-quvvatlash yoki boshqa bo‘lim xodimi deb tanishtirishi aniqlandi.

Bunday shaxslar mijozning mobil ilovasi buzilgani, bank kartasi blok holatiga tushgani, kartadan noqonuniy pul yechib olishga urinishlar bo‘layotgani va shu kabi turli uydirmalarni keltiradi hamda agar darhol chora ko‘rilmasa, barcha mablag‘lardan ayrilishi haqida aytib, turli ijtimoiy injeneringni qo‘llagan holda psixologik bosim o‘tkazishga urinadi. Firibgarlar telefoningizga yuborilgan bir martalik SMS-kodni so‘rab, Sizga yordam berishni taklif etishadi.


Firibgarlarning tuzog‘iga tushmaslik uchun umumiy belgilarni eslab qolish zarur:
• noma'lum, yashirin va begona raqamlardan ko‘ng‘iroq yoki SMS-xabar keladi;
• zudlik bilan qaror qilishga undash, “tezroq”, “hoziroq”, “keyin tushuntiraman”, “tezroq kerak” kabi so‘zlar bilan sarosimaga solishga urinishadi;
• telefon orqali firibgarlik qiluvchi shaxslar o‘zlarini juda ishonchli tutib, bosim o‘tkazishi yoki aksincha muloyimlik bilan va boshqa turli usullar yordamida mijozni o‘ziga ishontirishadi. Bunda ularning asosiy maqsadi – mijozni shubhalantirmaslik hamda fikrlash uchun fursat qoldirmasdan shoshilinch qaror qabul qilishga undashdir;
• muayyan savollar berganingizda aniq javobning yo‘qligi yoki chalkashlik holati kuzatiladi;
• pasport ma'lumotlari, karta raqami bilan uning amal qilish muddatini, sizga jo‘natilgan tasdiqlovchi kodni yoki boshqa shaxsiy ma'lumotlarni so‘rashadi (eslab qoling, aslida kartaga pul mablag‘i o‘tkazish uchun faqatgina karta raqamini bilish yetarlidir).


“Tanlovda g‘olib bo‘ldingiz” kabi turli qiziqtiruvchi xabarlar yo‘llab, sovrinlar, qulay tariflar, sovg‘alar taklif etgan holda ular uchun “qo‘shimcha to‘lovlar”, “garov puli qo‘yish” yoki boshqa yo‘llar bilan pul o‘tkazishni so‘rash – telefon orqali qo‘llaniladigan firibgarlik belgilaridan biri hisoblanadi.

Savol: Firibgarlar qo‘ng‘iroq qilganda qanday yo‘l tutish kerak: gaplashmasdan go‘shakni qo‘yishmi yoki eshitib, undan keyin rad etish kerakmi yoki telefon orqali suhbatni yozib olgan ma'qulmi?


Javob: Agar noma'lum shaxs qo‘ng‘iroq qilsa, Siz:
• avvalo, o‘zingizni xotirjam tutishingiz va tinchlanib olishingiz;
• shaxsiy ma'lumotlaringizni aytmasligingiz;
• hech qachon va hech kimga bank kartangiz kodini oshkor qilmasligingiz zarur.

Agar kartangiz bilan bog‘liq biror holat yuzasidan qaror qabul qilishingizni talab qilishsa, o‘ylab olish uchun vaqt so‘rang. Kartangizning holati va undagi pul mablag‘lari to‘g‘risidagi ma'lumotni bankning rasmiy veb-sayti yoki mobil ilovasi orqali o‘z shaxsiy kabinetingizga kirib aniqlash mumkin. Agar hoziroq qaror qabul qilish lozimligini aytishsa, ushbu masalada xizmat ko‘rsatuvchi bank bilan bog‘lanib, vaziyatga aniqlik kiritishingizni ma'lum qiling.

Sizga qo‘ng‘iroq qilayotgan shaxs o‘zini qaysi tashkilot xodimi deb tanishtirsa, shu tashkilotning murojaatlar bilan ishlash bo‘limi telefon raqamini so‘rab, tashkilotning rasmiy veb-saytidan mazkur raqamlarning aktualligini tekshiring. Bunda tashkilot bilan bog‘lanib, qo‘ng‘iroq qilgan shaxs to‘g‘risida ma'lumot olish tavsiya etiladi.

Agar Sizga qaysidir aksiyada g‘olib bo‘ldingiz deyishsa, ushbu aksiya haqida internet orqali to‘liq ma'lumot izlang. Begona shaxslar bilan pul o‘tkazmalarini amalga oshirmang.

Savol: Firibgarlar qo‘ng‘irog‘idan so‘ng qaerga murojaat qilish kerak: huquqni muhofaza qilish organlarigami, Markaziy bank yoki xizmat ko‘rsatuvchi bankkami? Murojaat shakli va qanday ma'lumotlar taqdim etilishi haqida aytib o‘tsangiz.

Javob: Agar firibgarlik holatlaridan gumoningiz bo‘lsa, darhol Sizga xizmat ko‘rsatuvchi bankka telefon orqali yoki yozma murojaat qiling va holat haqida xabar bering. Qaysi telefon raqamidan qo‘ng‘iroq bo‘lgani, murojaat qilgan shaxs o‘zini kim deb tanishtirgani va qanday ma'lumotlarni so‘ragani bo‘yicha batafsil ma'lumot yo‘llang.

Markaziy bank turli firibgarlik yo‘li bilan bank kartalaridagi pul mablag‘lari yechilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida fuqarolarimizni ogohlantiradi.


Hech qachon telefoningizga kelgan bank kartalari bilan bog‘liq bir martalik yuborilgan SMS-kodni, tijorat banklari, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalariga kirish huquqini beruvchi login va parollarni hech qanday shaxslarga aytmang. Ular sizdan olgan ma'lumotlar (SMS-kod, login va porol) orqali bank kartangizdagi pul mablag‘larini ko‘chirib olish yoki Sizning ruxsatingizsiz boshqarish imkonini qo‘lga kiritadi.


Firibgarlarning bu kabi hiylalariga aldanib qolmang!

USD = 10674.08
-6.98
EUR = 12576.20
+3.52
RUB = 146.91
-0.58
GBP = 14715.29
-47
JPY = 97.05
-0.57
CHF = 11512.17
-47.42
CNY = 1653.38
-3.63
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X