Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki 2025-yilning III choragi uchun iste’mol kayfiyati soʻrovnomasi sharhini e’lon qildi. Soʻrovnoma aholining daromad, xarajat, kredit olish, jamgʻarish va iqtisodiy holat boʻyicha kutilmalarini oʻrganishga qaratilgan.
III chorakda iste’mol kayfiyatida ijobiy tendensiyalar saqlanib qolmoqda. Respondentlarning 67 foizi kelgusi 12 oyda daromadlari oshishini kutmoqda.
Xarajatlar boʻyicha kutilmalar ham barqaror shakllanib, soʻrovda ishtirik etganlarning 77 foizi kelgusi oylarda xarajatlari oshishini kutmoqda. Kelgusi chorakda respondentlar asosan, uy-joy taʼmiri, taʼlim, sogʻliqni saqlash hamda oilaviy bayram va tadbirlarga yirik sarflar qilishni rejalashtirmoqda.
Kredit va qarz olish bilan bogʻliq xatti-harakatlarda biroz ehtiyotkorlik kuzatilmoqda. Xususan, 16 foiz respondentlar kelgusi oylarda kreditga talabi kamayishini ta’kidlashgan.
Jamgʻarishga moyillik ham oshgan. Bunda jamgʻarmalari oshishini kutayotgan respondentlar ulushi yuqori darajada shakllanib kelmoqda. Markaziy bank ma’lumotlariga koʻra, 2025-yilning III choragida milliy valyutadagi muddatli omonatlar 2024-yilning mos davriga nisbatan 45,4 foizga oshgan.
Umuman olganda, yil davomida shakllangan ijobiy kutilmalar aholining kelgusidagi daromadlariga boʻlgan ishonchi yuqoriligini va moliyaviy qarorlarda ehtiyotkor, biroq barqaror faollikni tanlayotganini namoyon etmoqda.Qisqacha sharhni o'qish uchun quyidagi havolaga o'ting.
To'liq sharhni o'qish uchun quyidagi havolaga o'ting.