Uchrashuvda Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodirbek Achilov, bankning mas’ul departamentlari rahbarlari hamda “Clearstream” kompaniyasi vitse-prezidenti o‘rinbosari Austin Martin kapital bozori infratuzilmasini rivojlantirish, qimmatli qog‘ozlar bozori bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda depozitar tizimlar o‘rtasidagi aloqalarni yo‘lga qo‘yish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv davomida, “Clearstream” xalqaro depozitar tizimi bilan O‘zbekiston qimmatli qog‘ozlar bozori infratuzilmasi o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, xususan, kapital bozori infratuzilmasini rivojlantish, xorijiy investorlarning davlat qimmatli qog‘ozlari ikkilamchi bozoriga kirish imkoniyatlarini kengaytirish, kliring va hisob-kitob mexanizmlarini takomillashtirish hamda xalqaro aktivlarni samarali boshqarish kabi qator masalalar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, valyuta konvertatsiyasi va mablag‘larni repatriatsiya qilish tartibi, birlamchi dilerlar bilan hamkorlik hamda O‘zbekiston moliya bozorida xorijiy investorlar ishtirokini kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar ushbu yo‘nalishda mavjud texnik va tartibga solish bilan bog‘liq masalalarni qo‘shimcha o‘rganish, xalqaro tajribani tahlil qilish hamda xorijiy ekspertlar ishtirokidagi muloqotni izchil davom ettirish muhimligini ta’kidladilar.
Uchrashuv yakunida, yuqorida qayd etilgan masalalar yuzasidan strategik aloqalarni kengaytirish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollarini doimiy muhokama qilib borishga kelishib olindi.