O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki 2025-yil yakunlari bo‘yicha o‘lchovli oltin quymalar bozori holati, ushbu instrumentga bo‘lgan talab dinamikasi hamda amalga oshirilayotgan operatsiyalarning rivojlanish tendensiyalariga bag‘ishlangan sharhni e’lon qildi.
Sharh natijalariga ko‘ra, so‘nggi yillarda geosiyosiy keskinliklar, global iqtisodiy noaniqliklar va moliya bozorlaridagi yuqori tebranuvchanlik sharoitida xavfsiz aktivlarga bo‘lgan qiziqish ortib bormoqda. Bunday sharoitda oltin aholi va investorlar uchun jamg‘arish va aktivlarni diversifikatsiya qilishning muhim vositalaridan biri sifatida shakllanmoqda. Shu fon’da mamlakatimizda ham o‘lchovli oltin quymalariga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2020-yil noyabr oyidan 2025-yil 30-dekabrga qadar banklar orqali aholiga umumiy og‘irligi 1,2 tonna bo‘lgan jami 65 150 dona o‘lchovli oltin quymalar sotilgan. Mazkur davrda ushbu operatsiyalarni amalga oshirayotgan banklar soni 12 tadan 19 taga, sotuv shoxobchalari soni esa 34 tadan 170 taga yetgan. Bu esa aholining ushbu moliyaviy instrumentga bo‘lgan qiziqishi bosqichma-bosqich ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Xususan, 2025-yilda o‘lchovli oltin quymalarga talab yanada faollashib, bir yil davomida banklar tomonidan 661 kg yoki 33 939 dona oltin quyma sotildi. Ushbu ko‘rsatkich 2020–2024-yillarda sotilgan jami quymalar hajmidan ham yuqori bo‘ldi. Jumladan, 2025-yildagi sotuv hajmi og‘irlik jihatidan 2020–2024-yillarda qayd etilgan ko‘rsatkichdan 18,4 foizga, son jihatidan esa 8,7 foizga ko‘p shakllandi. 2024-yilda esa sotuv hajmi 236 kgni tashkil etgan edi.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, aholi orasida ayniqsa 5 va 10 grammli quymalarga talab yuqori bo‘lib, ular jami sotuvlarning 60 foizdan ortig‘ini tashkil qilgan. Bu holat nisbatan ixcham hajmdagi quymalarning aholi uchun qulay va maqbul jamg‘arish vositasi sifatida shakllanayotganini anglatadi. Shu bilan birga, 2025-yildan boshlab 100 grammli quymalar ham muomalaga chiqarildi.
O‘lchovli oltin quymalari maxsus himoya qadoqlarida muomalaga chiqariladi. Ular QR-kod, kriptoprint va seriya raqami kabi zamonaviy himoya elementlari bilan jihozlangan bo‘lib, quymaning haqiqiyligini aniqlash va uning identifikatsiyasini ta’minlash imkonini beradi. Mazkur yondashuv operatsiyalar shaffofligini oshirish hamda aholining ishonchini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, 2020–2025-yillar davomida banklar tomonidan umumiy og‘irligi 201 kg bo‘lgan 11 828 dona o‘lchovli oltin quyma aholidan qaytarib sotib olindi. Qaytarib sotib olingan quymalar tarkibida ham 5 va 10 grammli quymalar asosiy ulushni egalladi.
O‘lchovli oltin quymalar bilan operatsiyalarni takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan yangiliklar ham alohida qayd etilgan. Xususan, 2025-yilda banklarning mobil ilovalari orqali oltinni sotish, qaytarib sotib olish va saqlash mexanizmlari joriy etildi. Shuningdek, elektron metall hisobvaraqlari orqali oltinni 0,1 grammdan boshlab xarid qilish imkoniyati yaratildi. Mazkur amaliyot doirasida 2025-yilda banklar tomonidan umumiy qiymati 311,7 mlrd so‘m bo‘lgan 169,74 kg oltin depoziti shakllantirildi.
O‘lchovli oltin quymalar bozori aholining jamg‘arish va investitsiya imkoniyatlarini kengaytirish, ichki qimmatbaho metallar bozorini rivojlantirish va zamonaviy moliyaviy instrumentlardan foydalanish ko‘lamini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birga, oltin foizli daromad keltirmaydigan hamda narxi jahon bozori kon’yunkturasiga bog‘liq ravishda o‘zgarib turadigan aktiv bo‘lib, mazkur sharh tahliliy ma’lumotlar taqdim etish maqsadida tayyorlangan va investitsiyaviy tavsiya hisoblanmaydi.
Sharhning to‘liq matni bilan quyidagi havola orqali tanishing.