2025-yilning IV choragida O‘zbekiston iqtisodiyotida yuqori iqtisodiy faollik saqlanib qolib, yalpi talab omillari iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatladi. Iste’mol va investitsiya talabining barqaror o‘sishi, fiskal rag‘batlantirish choralari hamda jahon xomashyo bozorlarida nisbatan qulay kon’yunktura iqtisodiy o‘sish sur’atlarini jadallashtirdi. Natijada, 2025-yil yakunlariga ko‘ra yalpi ichki mahsulotning real o‘sish sur’ati 7,7 foizni tashkil etdi va prognoz ko‘rsatkichlaridan yuqori shakllandi.
IV chorak davomida inflyatsiya pasayish tendensiyasini davom ettirib, 2025-yil dekabr oyida yillik hisobda 7,3 foizgacha sekinlashdi. Bazaviy inflyatsiya ham pasayib, 5,7 foiz darajasida shakllandi. Inflyatsiyaning sekinlashishiga qat’iy pul-kredit sharoitlari, almashuv kursining nisbatan mustahkamlanishi hamda import narxlaridagi o‘zgarishlar muhim ta’sir ko‘rsatdi. Shu bilan birga, xizmatlar inflyatsiyasining nisbatan yuqori saqlanishi hamda ayrim oziq-ovqat tovarlari narxlarining oshishi inflyatsiya dinamikasiga ma’lum bosimlarni saqlab qoldi.
2025-yil davomida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari pasayuvchi dinamikani namoyon etdi. Aholining kelgusi 12 oylik inflyatsion kutilmalari yil boshidagi 14,4 foizdan yil yakuniga 11,5 foizgacha pasaydi. Tadbirkorlik subyektlarining inflyatsion kutilmalari esa 12,9 foizdan 11,1 foizgacha pasayish qayd etildi.
Tashqi iqtisodiy sharoitlar IV chorakda nisbatan qulay shakllandi. Jahon bozorlarida xomashyo tovarlari narxlarining yuqori darajada saqlanishi eksport tushumlari hamda byudjet daromadlarini qo‘llab-quvvatladi. 2025-yilda so‘m almashuv kursi xorijiy valyuta taklifining ortishi hisobiga 6,9 foizga mustahkamlandi, bu esa import inflyatsiyasi bosimini kamaytirishga xizmat qildi.
Inflyatsiyani barqaror pasayish trayektoriyasida shakllantirish maqsadida Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qoldi. Pul bozoridagi foiz stavkalari foiz koridori doirasida shakllanib, chorak davomida UZONIA stavkasi o‘rtacha 13,9 foiz atrofida bo‘ldi. Mazkur sharoitlar real foiz stavkalarining ijobiy darajada shakllanishini ta’minlab, milliy valyutadagi jamg‘armalarni rag‘batlantirish hamda inflyatsion bosimlarni cheklashga xizmat qildi.
Markaziy bank prognozlariga ko‘ra, 2026-yil yakuniga kelib inflyatsiya 6,5 foiz atrofida, iqtisodiy o‘sish esa 6,5–7 foiz atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda. Markaziy bank pul-kredit siyosatini inflyatsiyani o‘rta muddatda 5 foizlik maqsadli darajaga pasaytirish va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan holda davom ettiradi.
To‘liq sharh bilan havola orqali tanishishingiz mumkun.
Sharhning qisqa tavsifi bilan havola orqali tanishishingiz mumkun.