O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida Armaniston Markaziy banki delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda markaziy banklarda tadqiqot salohiyatini rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini institutsional jihatdan takomillashtirish hamda tahliliy faoliyatning pul-kredit siyosati va boshqa qarorlar qabul qilish jarayonlaridagi o‘rnini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida tomonlar tadqiqot faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha yondashuvlar yuzasidan fikr almashdilar. Xususan, Armaniston Markaziy bankining tadqiqot yo‘nalishlarini belgilash, tadqiqotchilar salohiyatini rivojlantirish, ilmiy ishlar sifatini baholash hamda tadqiqot natijalarini ekspertiza va validatsiyadan o‘tkazish borasidagi tajribasi muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida tadqiqot va tahliliy faoliyatni tizimli rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdim etildi. Jumladan, 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Tadqiqot strategiyasi, 2026–2028-yillar uchun Tadqiqot kun tartibi, Tadqiqot kengashi faoliyati hamda mahalliy va xalqaro oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi.
Muhokamalar davomida markaziy banklarda tadqiqot funksiyasini kuchaytirish, tadqiqot jarayonlarini tizimlashtirish, xodimlarning ilmiy va tahliliy salohiyatini rivojlantirish, tadqiqotlarni xalqaro standartlar asosida baholash hamda ularning amaliy siyosiy qarorlar qabul qilish jarayonidagi ahamiyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar, shuningdek, alohida tadqiqot markazini tashkil etish imkoniyatlari, uning afzalliklari, zarur institutsional shart-sharoitlar va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlar yuzasidan fikr almashdilar. Armaniston Markaziy banki vakillari ushbu yo‘nalishdagi amaliy tajribasi hamda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan tashkiliy islohotlar haqida ma’lumot berdilar.
Uchrashuv davomida hamkor markaziy banklar o‘rtasida bilim va tajriba almashishni izchil davom ettirish, ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish hamda qo‘shma tadqiqotlar va ekspertlar muloqoti uchun amaliy platformalarni rivojlantirish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar tadqiqot salohiyatini rivojlantirish, ilmiy va tahliliy hamkorlikni kengaytirish hamda kelgusidagi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.