2026-yilning I choragida bank tizimi umumiy likvidlik darajasi oshib, tarkibiy profitsit holatida saqlanib qoldi. Likvidlikning oshishi asosan byudjet operatsiyalarining sezilarli ko‘payishi hamda muomaladagi naqd pullarga bo‘lgan talabning mavsumiy pasayishi fonida kuzatildi.
2026-yilning I choragida banklararo pul bozorida umumiy operatsiyalar hajmi 163 trillion so‘mni yoki choraklik YIMga nisbatan 36,4 foizni tashkil etdi. Bunda, pul bozoridagi amaliyotlarning 89 foizi overnayt bitimlar hamda 74 foizi REPO operatsiyalari hissasiga to‘g‘ri keldi.
Pul bozorining konsentratsiyalashuv darajasini ifodalovchi Herfindahl–Hirschman indeksiga ko‘ra likvidlikni jalb etish segmentida yuqori konsentratsiyalashuv saqlanib qoldi. Ushbu holat yuqori likvidlik profitsiti sharoitida ayrim yirik bozor ishtirokchilarining likvidlik qayta taqsimotidagi ulushi yuqoriligini ifodalaydi.
2026-yil 1-yanvardan majburiy zaxiralash bazasiga kiritiladigan majburiyatlar qamrovi 15 foizdan 20 foizgacha oshirildi. Mazkur o‘zgarishlarning banklarga ta’sirini yumshatish maqsadida xorijiy valyutadagi majburiyatlar bo‘yicha majburiy zaxira normativi 9,5 foizdan 8,5 foizgacha pasaytirildi.
Markaziy bank ortiqcha likvidlikni samarali tartibga solish hamda pul bozori foiz stavkalarini foiz koridori doirasida va asosiy stavkaga yaqin shakllanishini ta’minlash maqsadida chorak davomida o‘rtacha haftalik 49,2 trillion so‘mlik 7 kunlik Markaziy bank obligatsiyalarini tijorat banklari o‘rtasida joylashtirdi. Natijada, UZONIA stavkasi chorak davomida o‘rtacha 13,7 foiz atrofida shakllandi.
Markaziy bank prognozlariga ko‘ra, 2026-yilning II choragida byudjet operatsiyalarining mavsumiy oshishi likvidlikni oshiruvchi asosiy omillardan biri bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, bank tizimida xorijiy valyutaga bo‘lgan talabning oshishi hamda naqd pullarga bo‘lgan talab likvidlik profitsitini nisbatan kamaytiruvchi omillar sifatida namoyon bo‘lishi kutilmoqda. Markaziy bank pul bozori foiz stavkalarining foiz koridori doirasida va asosiy stavkaga yaqin shakllanishini taminlash maqsadida pul-kredit siyosati instrumentlaridan faol foydalanishda davom etadi.