5-Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida Saudi Investment Promotion Authority bosh ijrochi direktori Khaled Alkhattaf boshchiligidagi Saudiya Arabistoni delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov, Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abror Mirzo Olimov, bankning mas’ul tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari hamda Saudiya Arabistoni delegatsiyasi vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida Saudiya Arabistoni delegatsiyasi vakillari O‘zbekistonda so‘nggi yillarda investitsiya muhiti, moliyaviy sektor va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni e’tirof etdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida moliyaviy texnologiyalar yo‘nalishidagi hamkorlikni rivojlantirish, raqamli to‘lovlar ekotizimini kengaytirish, elektron hamyon xizmatlari bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganish hamda ushbu yo‘nalishda tartibga solish va litsenziyalash talablari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, Barq FinTech kompaniyasining Saudiya Arabistoni bozoridagi tajribasi, raqamli hamyonlar, mahalliy va xalqaro pul o‘tkazmalari, savdo va xizmat ko‘rsatish subyektlari uchun to‘lov yechimlari hamda boshqa innovatsion moliyaviy xizmatlar bo‘yicha yondashuvlari muhokama qilindi.
Markaziy bank tomonidan O‘zbekistonda moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish milliy strategiyasi, innovatsion yechimlarni sinovdan o‘tkazishga qaratilgan regulyativ mexanizmlar, Innovation Hub hamda fintex startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tashabbuslar haqida ma’lumot berildi.
Tomonlar fintex sohasida tajriba almashish, texnik maslahatlashuvlarni davom ettirish, shuningdek, Barq FinTech tomonidan taklif etilishi mumkin bo‘lgan biznes modeli, bozorga kirish yondashuvi, huquqiy va operatsion tuzilmasi hamda mahalliy hamkorlar bilan ishlash imkoniyatlarini amaldagi qonunchilik va regulyator talablari doirasida o‘rganish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Markaziy bank tegishli tarkibiy bo‘linmalar ishtirokida qo‘shimcha texnik uchrashuvlarni tashkil etish hamda taqdim etiladigan takliflar yuzasidan tartibga solish yondashuvlarini belgilangan tartibda ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekistonning raqamli moliyaviy xizmatlar ekotizimini rivojlantirish, xalqaro tajribani o‘rganish ва fintex sohasida amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muloqotni davom ettirishga tayyor ekanligini bildridilar.