Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki 2026-yilning I choragi uchun “Iste’mol kayfiyati sharhi”ni eʼlon qildi. Mazkur soʻrovnoma aholining daromadlari, xarajatlari, kreditga boʻlgan ehtiyoji, jamgʻarish faolligi hamda iqtisodiy kutilmalarini oʻrganishga qaratilgan boʻlib, unda 4 100 ga yaqin respondent ishtirok etdi.
2026-yilning I choragida aholining isteʼmol kayfiyatida ijobiy tendensiyalar davom etdi. Respondentlarning daromadlar boʻyicha kutilmalari yaxshilanib, aholining moliyaviy holati istiqbollariga nisbatan ishonchi yuqori darajada shakllandi. Xususan, respondentlarning 68 foizi kelgusi 12 oy davomida daromadlari oshishini kutayotgan boʻlsa, daromadlari kamayishini kutayotganlar ulushi 7 foizgacha pasaydi.
Xarajatlar boʻyicha kutilmalar yuqori darajada saqlanib qoldi. Respondentlarning 77 foizi kelgusi davrda xarajatlari oshishini bildirgan. Xarajatlarning asosiy yoʻnalishlari sifatida uy-joy taʼmiri, taʼlim, sogʻliqni saqlash, avtomobil xaridi hamda sayohat xarajatlari qayd etildi.
Kreditga boʻlgan ehtiyoj 2025-yil III choragidan buyon oʻsish tendensiyasini davom ettirdi. Kredit subindeksi oshib, respondentlarning 56 foizi yaqin oylarda kredit olish ehtiyoji mavjudligini bildirgan.
Jamgʻarishga moyillik ham ijobiy shakllanib, tegishli subindeks oʻtgan chorakka nisbatan oshdi. Respondentlarning 65,8 foizi kelgusida jamgʻarmalari koʻpayishini kutmoqda.
Iqtisodiy kutilmalar ham ijobiy shakllandi. Respondentlarning 69 foizi kelgusi 12 oyda iqtisodiy rivojlanish surʼatlari jadallashishini kutayotgan boʻlsa, oʻrta muddatli istiqbolda (3 yil) respondentlarning 78 foizi iqtisodiy oʻsish davom etishiga ishonch bildirdi.
Umuman olganda, 2026-yilning I choragi yakunlari boʻyicha aholi isteʼmol kayfiyatida ijobiy va barqaror tendensiyalar kuzatilib, fuqarolarning shaxsiy moliyaviy holati hamda mamlakat iqtisodiyoti istiqbollariga boʻlgan ishonchi yuqori darajada shakllandi.
Qisqacha sharhni oʻqish uchun quyidagi havolaga oʻting.
Toʻliq sharhni oʻqish uchun quyidagi havolaga oʻting.