5-Toshkent Xalqaro Investitsiya forumi doirasida Markaziy bankda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha departamenti rahbari Bobur Xodjayev, Markaziy bank raisi Timur Ishmetov, Markaziy bank Moliyaviy ommaboplik bo‘yicha bosh direktori Dilbar Abduganiyeva hamda Visa xalqaro to‘lov tizimi vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida tomonlar raqamli moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish, kiberxavfsizlikni kuchaytirish hamda ushbu yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.
Visa vakillari zamonaviy to‘lov texnologiyalari, jumladan, smartfonni to‘lov terminaliga aylantirish imkonini beruvchi “Tap to Phone” yechimi, Apple Pay kabi raqamli to‘lov imkoniyatlari, shuningdek, firibgarlikning oldini olish va xavflarni boshqarishga qaratilgan kiberxavfsizlik vositalari haqida ma’lumot berdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish va istiqbolli loyihalar yuzasidan muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.