O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida 2026-yil 22–26-iyun kunlari xodimlarning kundalik ish faoliyatida sun’iy intellekt texnologiyalaridan samarali foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan malaka oshirish kursi bo‘lib o‘tdi. Besh kun davom etgan o‘quv dasturida Markaziy apparat va hududiy bosh boshqarmalarning jami 150 nafar xodimi ishtirok etdi.
Kurs Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi” bilan hamkorlikda tashkil etildi.
O‘quv dasturi amaliy yo‘naltirilgan bo‘lib, 15 ta moduldan iborat bo‘ldi va nazariy bilimlar bilan birga amaliy mashg‘ulotlarni qamrab oldi. Ishtirokchilar sun’iy intellekt va katta til modellari (LLM) asoslari, ularning bank sektoridagi imkoniyatlari hamda cheklovlari bilan tanishdilar.
Kurs davomida quyidagi mavzularga alohida e’tibor qaratildi: bank jarayonlarida sun’iy intellektni qo‘llash imkoniyatlarini aniqlash; ma’lumotlar maxfiyligi, komplaens va xavflarni boshqarish; professional darajada promt muhandisligi; ChatGPT va Claude platformalari bilan ishlash; dasturlashsiz (no-code) avtomatlashtirish vositalari; shuningdek, sun’iy intellekt agentlarini loyihalash.
O‘quv jarayonida xodimlar real bank keyslari asosida ishladilar, guruhlarda o‘z bank jarayonlari uchun sun’iy intellektga asoslangan yechim konsepsiyalarini ishlab chiqdilar.
Mazkur tashabbus Markaziy bank xodimlarining raqamli kompetensiyalarini oshirish va zamonaviy texnologiyalarni bank amaliyotiga bosqichma-bosqich tatbiq etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning bir qismi hisoblanadi. Sun’iy intellekt vositalaridan xavfsiz va mas’uliyatli foydalanish ko‘nikmalari mehnat samaradorligini oshirish hamda ichki jarayonlarni takomillashtirishga xizmat qiladi.