Markaziy bankda fuqarolar murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish hamda bank tizimida mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Markaziy bank va tijorat banklari Aloqa markazlari vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida aholi murojaatlarini tezkor va sifatli ko‘rib chiqish, Aloqa markazlari faoliyatini takomillashtirish, shuningdek, banklar o‘rtasida ilg‘or tajriba va amaliy yechimlarni almashish masalalari muhokama qilindi.
Bank tizimida Aloqa markazlari faoliyatini yagona yondashuv asosida tashkil etishga qaratilgan qator takliflar ilgari surildi. Xususan, Aloqa markazlari faoliyatini tartibga soluvchi yagona reglamentni ishlab chiqish, xizmat ko‘rsatish samaradorligini baholashning umumiy ko‘rsatkichlarini belgilash hamda murojaatlarning yagona tasnifini joriy etish taklif qilindi.
Sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Bu borada murojaatlarni avtomatik tahlil qilish, mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, takroriy murojaatlarni aniqlash hamda operatorlar ish jarayonini optimallashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Uchrashuv yakunida ilgari surilgan takliflarni bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etish, Markaziy bank va tijorat banklari Aloqa markazlari o‘rtasida muntazam tajriba almashuvini yo‘lga qo‘yish hamda o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.