“Pul-kredit siyosati bo‘yicha muloqot – 2026” xalqaro forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi Timur Ishmetov Tojikiston Respublikasi Milliy banki raisi Firdavs Tolibzoda bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida ikki mamlakat markaziy banklari o‘rtasidagi samarali hamkorlikning bugungi holati hamda uni yangi yo‘nalishlarda rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar so‘nggi yillarda moliyaviy sektorni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, moliyaviy ommaboplikni kengaytirish va zamonaviy moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish bo‘yicha muloqot qildilar.
Xususan, O‘zbekistonda islom moliyasi sohasida yaratilayotgan huquqiy asoslar, mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar hamda ushbu bozorni bosqichma-bosqich rivojlantirish yondashuvlari haqida ma’lumot berildi. Shu bilan birga, Tojikiston tomonining islom moliyasi va mikromoliya institutlarini rivojlantirish borasidagi amaliy tajribasi muhokama qilinib, ushbu yo‘nalishda o‘zaro tajriba almashishni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, fintex ekotizimini rivojlantirish, innovatsion moliyaviy xizmatlarni joriy etish, tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish hamda kiberxavfsizlikni ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar mazkur yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish va o‘zaro manfaatli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar ikki mamlakat markaziy banklari o‘rtasidagi konstruktiv muloqotni izchil davom ettirish hamda o‘zaro tajriba almashishni yanada faollashtirish muhimligini ta’kidladilar.