2026-yil 6-10-iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) Statistika departamentining texnik ko‘mak missiyasi o‘tkazilmoqda.
Missiya doirasida pul-kredit va moliyaviy statistika, tashqi sektor statistikasi hamda moliyaviy barqarorlik ko‘rsatkichlarini shakllantirish bo‘yicha amaliyotlar ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, ushbu yo‘nalishlarda statistikani rivojlantirish bo‘yicha Markaziy bankning o‘rta muddatli strategiyasini ishlab chiqish yuzasidan tavsiyalar beriladi.
Missiya davomida statistik ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va shakllantirish jarayonlari, bu jarayonlarda tarkibiy bo‘linmalarning vazifalari hamda ularning o‘zaro hamkorligi muhokama qilinadi. Shuningdek, statistik ma’lumotlarni almashish, qayta ishlash va e’lon qilish jarayonlarini takomillashtirish, axborot texnologiyalari hamda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Missiya doirasidagi uchrashuv va muhokamalar Markaziy bankning tegishli departamentlari hamda hamkor tashkilotlar ishtirokida o‘tkaziladi.