O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan 2026-yil 10-iyun kuni “O‘zbekistonda kreditga talabning yuqori shakllanishining xulq-atvor omillari” mavzusida tadqiqot granti tanlovi e’lon qilingan edi.
Tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistonda kreditga bo‘lgan yuqori talabning shakllanishiga ta’sir etuvchi xulq-atvor omillarini aniqlash va baholash, shuningdek, tadqiqot natijalari asosida amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
Tanlov doirasida arizalar 2026-yil 30-iyunga qadar qabul qilindi. Unda Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti (WIUT) hamda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) jamoalari o‘z tadqiqot takliflarini taqdim etdi.
Taqdim etilgan hujjatlarni saralash jarayonida, avvalo, tadqiqot rejasining mavzu va tanlov maqsadlariga muvofiqligi, taklif etilgan metodologik yondashuvlar, loyiha jamoasi tarkibi, jamoa a’zolarining malakasi va ilmiy salohiyati, shuningdek, ularning ilgari chop etgan ilmiy maqolalari kompleks ravishda ko‘rib chiqildi.
Baholash natijalariga ko‘ra, Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti jamoasining tadqiqot taklifi yuqori natija ko‘rsatdi va mazkur jamoani grant g‘olibi sifatida tanlash taklifi Markaziy bank Tadqiqot kengashi a’zolari muhokamasiga kiritildi.
2026-yil 14-iyul kuni Tadqiqot kengashi a’zolari o‘rtasida onlayn ovoz berish o‘tkazildi. Ovoz berishda jami 12 nafar Kengash a’zosi ishtirok etib, ulardan 11 nafari WIUT jamoasini grant g‘olibi sifatida tanlashni qo‘llab-quvvatladi, 1 nafari qarshi ovoz berdi, betaraf ovozlar qayd etilmadi.
Ovoz berish natijalariga muvofiq, Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti jamoasi “O‘zbekistonda kreditga talabning yuqori shakllanishining xulq-atvor omillari” mavzusidagi tadqiqot granti tanlovi g‘olibi va grant loyihasi ijrochisi etib belgilandi.
Mazkur tadqiqot natijalari kreditga bo‘lgan talabni shakllantiruvchi xulq-atvor omillarini chuqurroq tushunish hamda aniqlangan omillar asosida tegishli amaliy tavsiyalar ishlab chiqishga xizmat qilishi kutilmoqda.










