Shrift o‘lchami: A A A
Masshtab: A A A A
Rang: A A A A
Rasmlar: Yoqish O‘chirish

Markaziy bank Raisi T.A. Ishmetovning 2026-yil 29-apreldagi Markaziy bank boshqaruvi yigʻilishi natijalari yuzasidan tashkil etilgan matbuot anjumanidagi MAʻRUZASI

Yangilangan sana: 4 May 2026, 10:29
4 May 2026

Assalomu alaykum hurmatli matbuot anjumani ishtirokchilari!

Bugun Markaziy bank boshqaruvining tayanch yigʻilishida joriy va kutilayotgan ichki hamda tashqi iqtisodiy sharoitlar, shuningdek, ular asosida yangilangan makroiqtisodiy prognozlar batafsil koʻrib chiqildi.

Muhokamalardan kelib chiqib, Markaziy bank Boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Ushbu qarorimiz quyidagilar bilan izohlanadi.

Birinchidan, umumiy inflyatsiya va inflyatsion kutilmalarda pasayish davom etmoqda, shu bilan birga, aholi uchun muhim boʻlgan ayrim tovarlar narxlari, boshqacha aytganda aholi uchun inflyatsiyani belgilovchi marker tovarlar narxlari oʻsishi hali yuqoriligicha qolmoqda. Ushbu narxlar barqarorlashuvi maʼlum bir vaqtni talab qilishi mumkin.

2026-yil mart oyida umumiy inflyatsiya darajasi avvalgi oyga nisbatan 0,2 foiz bandga pasayib, yillik 7,1 foizni tashkil etdi va prognoz doirasida shakllandi.

Isteʼmol savatining asosiy komponentlari kesimida 2026-yil mart oyida oziq-ovqat tovarlari inflyatsiyasi asosiy pasaytiruvchi ahamiyatga ega boʻldi va yillik 5,6 foizni tashkil etdi. Nooziq-ovqat tovarlari inflyatsiyasi esa yillik 5,3 foizni tashkil etdi.

Bazaviy inflyatsiya mart oyida 0,6 foiz bandga sekinlashib, yillik 5,7 foizga teng boʻldi.

Mart oyida umumiy inflyatsiyaning pasayishiga oʻtgan yili mart oyidagi goʻsht mahsulotlari narxlari oʻsishining yuqori baza taʼsiri tugashi xizmat qildi.

Shuningdek, soʻnggi oylarda xizmatlar inflyatsiyasi umumiy inflyatsiyadan balandroq boʻlsa-da, pasayish dinamikasida shakllandi.

Umuman olganda, 2026-yilning mart oyida isteʼmol savatining 84 foiz qismining narxlari oshishi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan past boʻldi.

Shuni qayd etish lozim, kelgusida inflyatsiyani pasayib borishini taʼminlash yanada koʻproq mashaqqatni talab etadi.

Mazkur ijobiy tendensiyalar bilan bir qatorda, aholi kundalik hayotida koʻp isteʼmol qiladigan ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar narxlari yillik oʻsishi umumiy inflyatsiyadan yuqori darajada qolmoqda. Jumladan, goʻsht mahsulotlari, yonilgʻi mahsulotlari hamda ayrim qurilish mollari narxlarida oʻsish saqlanib turibdi.

Ushbu mahsulotlar taklifini va narxlarini barqarorlashtirish boʻyicha Hukumat bilan birgalikda tegishli amaliy choralar koʻrilmoqda.

Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari mart oyida avvalgi oyga nisbatan biroz pasaydi. Biroq ular inflyatsiyaning prognoz koʻrsatkichlaridan yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Bu esa inflyatsiyani barqaror ravishda maqsadli darajagacha pasaytirish uchun pul-kredit sharoitlarini qatʼiy saqlab qolish zarurligini koʻrsatadi.

Yuqoridagi omillarni hisobga olib, yangilangan makroiqtisodiy prognozlarimizga koʻra, 2026-yil yakuniga umumiy inflyatsiya 6,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.

 

 

Ikkinchidan, iqtisodiyotda yuqori isteʼmol va investitsion faollik saqlanib qolmoqda. Ayni paytda, kreditlash surʼatlarining muvozanatlashuvi pul-kredit sharoitlari transmissiyasining taʼsirlarini namoyon etmoqda.

2026-yilning I choragida iqtisodiy oʻsish surʼatlari 8,7 foizni tashkil etib, prognozlardan sezilarli yuqori shakllandi. Yuqori iqtisodiy oʻsish keng qamrovli va barcha sektorlarda kuzatilmoqda.

Bunga:

-      xizmatlar sohasi oʻsishining 16,1 foizgacha (umumiy iqtisodiy oʻsishdagi hissasi 4,7 foiz band),

-      sanoatning 8 foizgacha (2,1 foiz band),

-      qurilishning 15,5 foizgacha (0,9 foiz band);

-      hamda qishloq xoʻjaligining 5,1 foizgacha (0,5 foiz band) tezlashishi xizmat qildi.

Asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi yuqori surʼatlarda oʻsishi iqtisodiy oʻsishni qoʻllab quvvatlagan muhim omillardan boʻldi. Bu, oʻz navbatida, kelgusida ichki bozorda tovar va xizmatlar taklifining ortishiga yordam beradi.

Investitsiyalar oʻsishi kelgusida iqtisodiyot potensialiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatishi davom etishi kutilmoqda.

Markaziy bank mutaxassislarining hisob-kitoblariga koʻra iqtisodiy oʻsishning potensial darajasi avvalgi yillardagi 5,5-6 foiz darajasidan soʻnggi choraklarda 6,5-7 foizgacha oshganligi baholandi.

Shu bilan birga, iqtisodiy oʻsish surʼatlarini barqaror yuqori darajada saqlab qolish uchun jalb qilinayotgan investitsiyalarning samaradorligiga va mehnat unumdorligiga oʻtishi bilan bogʻliq boʻladi.

Yuqori iqtisodiy faollik fonida yalpi talab omillari hali ham yuqori va maʼlum darajada ustunlik qilmoqda. Bu jarayon isteʼmol faolligi, aholi daromadlari dinamikasi, byudjet operatsiyalarida va tashqi talabda oʻz aksini topmoqda.

Shu bilan birga, yil boshidan buyon qatʼiy pul-kredit sharoitlari va makroprudensial choralar taʼsirida kreditlash oʻsishi muvozanatli shakllandi.

2026-yilning I choragida tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotga ajratilgan kreditlar hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 9,1 foizga oshib, 90 trln soʻmni tashkil etdi.

Natijada iqtisodiyotdagi jami kredit qoʻyilmalari qoldigʻi 1-aprel holatiga 679 trln soʻmga yetdi. Bunda milliy valyutadagi kreditlar qoldigʻi 19,9 foizga oshdi.

I chorakda umumiy eksport hajmi 5,8 mlrd dollarni tashkil etdi. Bunda, oltinsiz eksport 25 foizga oʻsdi. Import hajmi 12,2 mlrd dollarga yetdi (31 foizga oʻsish). Import oshishiga transport vositalari, mashina va uskunalar hamda oziq-ovqat mahsulotlari importi asosiy hissa qoʻshdi.

Isteʼmol faolligini qoʻllab-quvvatlayotgan yana bir muhim omil bu aholining daromadlari oshishi boʻlmoqda. I chorakda aholining umumiy daromadlari real hisobda 7,8 foizga oshdi.

Bunda aholi daromadlari oʻsishiga yuqori investitsion faollik, ish haqlarining oshishi asosiy drayverlar boʻlib xizmat qilmoqda. Xususan, iqtisodiyotda nominal ish haqi 17,4 foizga oshishi xizmat qildi.

Yuqoridagi omillarni inobatga olib, 2026-yil yakunlari boʻyicha yalpi ichki mahsulot oʻsishi boʻyicha prognoz 7,0–7,5 foizgacha oshirildi (avvalgi prognoz 6,5–7 foiz).

Uchinchidan, tashqi iqtisodiy muhitda noaniqliklar oshib, import inflyatsiyasi va global xomashyo narxlari boʻyicha xatarlar kuchaymoqda.

Tashqi iqtisodiy sharoitlar iqtisodiyot uchun turli yoʻnalishlarda shakllanmoqda.

Bir tomondan, asosiy savdo hamkor davlatlarda iqtisodiy barqarorlikning saqlanishi hamda jahon xomashyo tovar bozorlarida nisbatan qulay narx konyunkturasi eksportni oshirish va iqtisodiy faollikni qoʻllab-quvvatlashga xizmat qilayotgan boʻlsa,

boshqa tomondan, tashqi muhitda noaniqliklarning ortishi import inflyatsiyasi va global xomashyo narxlari boʻyicha xatarlarni kuchaytirib, uzoq muddatda global investitsion va iqtisodiy faollikka salbiy taʼsir koʻrsatishi hamda jahonda qatʼiy moliyaviy sharoitlarning uzoqroq saqlanishi ehtimolini oshirmoqda.

Joriy yilning I choragida yuzaga kelgan Yaqin Sharqdagi geosiyosiy keskinliklar va Hoʻrmuz boʻgʻozining yopilishi va jahon taʼminot zanjirlarida uzilishlarni yuzaga keltirib, xomashyo bozorlarida tebranuvchanlikni keskin oshirdi.

Xalqaro Valyuta Jamgʻarmasining aprel oyi prognozlariga koʻra, 2026-yilda global iqtisodiy oʻsish 3,1 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda. Shu bilan birga, global inflyatsiya prognozlari yanvar oyidagi prognozlarga nisbatan 0,6 foiz bandga yuqori tomonga qayta koʻrib chiqildi.

Real samarali almashuv kursi mart oyida biroz mustahkamlangan boʻlsa-da, yil boshiga nisbatan 1,6 foizga qadrsizlandi. Bunga, asosan, dastlabki ikki oydagi milliy valyuta kursining qadrsizlanishi hamda asosiy savdo hamkor mamlakatlar valyutalarining mustahkamlanishi sabab boʻldi.

Savdo-hamkorlardagi joriy iqtisodiy tendensiyalar va kutilmalarni inobatga olib, kelgusi oylarda soʻmning real almashuv kursiga nisbatan yuqori bosimlar kuzatilmasligi kutilmoqda.

Toʻrtinchidan, Iqtisodiyotda real hisobda ijobiy foiz stavkalar aholining jamgʻarishga boʻlgan moyilligini qoʻllab-quvvatlashga hamda kreditlash surʼatlarining moʻtadillashuviga xizmat qilmoqda.

Bank tizimida tizimli likvidlik profitsiti sharoitida Markaziy bankning pul-kredit operatsiyalari likvidlikni jalb etish orqali pul bozori foiz stavkalarini asosiy stavkaga yaqin darajada shakllantirishga qaratildi.

Natijada UZONIA benchmark foiz stavkasi mart oyida oʻrtacha 13,7 foizni tashkil etib, foiz koridori doirasida shakllandi.

Inflyatsiya darajasining pasayishi sharoitida real darajadagi stavkalarning oʻsishi pul-kredit sharoitlarini qatʼiylashtiruvchi muhim omil boʻlmoqda.

Bunda nominal foizlar biroz pasayish dinamikasida namoyon etgan boʻlsa-da, real hisobda oshish kuzatildi.

2026-yil 1-aprel holatiga bank tizimidagi jami depozitlar qoldigʻi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 36 foizga oʻsib, 325 trln soʻmni tashkil etdi.

Aholining milliy valyutadagi muddatli va jamgʻarma depozitlari oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 46 foizga oʻsdi.

Bank depozitlari hajmining yuqori oʻsish surʼatlari joriy yilda ham saqlanib qolishi kutilmoqda.

Umuman olganda, depozitlarning ortishi birinchi navbatda, barqaror iqtisodiy oʻsishni qoʻllab quvvatlashga, investitsion va ishlab chiqarish loyihalarini moliyalashtirishga xizmat qiladi.  

Pul-kredit sharoitlari qatʼiylik darajasi saqlab qolinishi natijasida kelgusida ham kreditlash hajmining oʻsishi moʻtadil boʻlishi va depozitlarning yuqori oʻsish surʼatlari davom etishi yalpi talabni muvozanatlashtiruvchi va monetar omillarning inflyatsiyaga taʼsirini kamaytiruvchi xususiyatga ega boʻladi.

Yuqorida keltirilgan omillarni hisobga olib, oʻrta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini taʼminlash maqsadida Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani oʻzgarishsiz, 14 foiz darajasida qoldirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

Markaziy bank inflyatsiya dinamikasi, inflyatsion kutilmalar, yalpi talab va tashqi xatarlarni diqqat bilan kuzatib boradi.

Umumiy inflyatsiyaga oshiruvchi omillar kuchayishi va inflyatsion kutilmalarning oʻsishi natijasida inflyatsiya target darajasiga erishishning kechikish xatari yuzaga kelgan taqdirda pul-kredit sharoitlarining yetarli darajada qatʼiyligi taʼminlanadi.

Markaziy bankning pul-kredit siyosati inflyatsiyani oʻrta muddatda 5 foizlik maqsadli darajagacha pasaytirish, makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash va aholining xarid qobiliyatini saqlashga qaratilgan boʻlib qoladi.

Eʼtiboringiz uchun rahmat!

USD = 11993.53
+40.8
EUR = 14054.02
+32.27
RUB = 158.52
-0.96
GBP = 16262.03
+13.49
JPY = 76.41
+0.07
CHF = 15313.50
+20.86
CNY = 1755.93
+5.43
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X