Shrift o‘lchami: A A A
Masshtab: A A A A
Rang: A A A A
Rasmlar: Yoqish O‘chirish

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2022-yilgi hisoboti toʻgʻrisidagi masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining Yalpi majlisidagi maʼruza matni

Yangilangan sana: 19 Iyun 2025, 14:23
3 Iyun 2023

Markaziy bankning 2022-yildagi faoliyati “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonunda, Prezidentimizning bank tizimini isloh qilishga oid qaror va farmonlarida, hamda 2021-yilgi Markaziy bank hisoboti boʻyicha Oliy Majlis Senati qarorida narxlar, bank va toʻlov tizimi barqarorligini taʼminlash borasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosiga qaratildi.

2022-yilda jahondagi nobarqarorlik va noaniqliklar sharoitida global iqtisodiyotda yalpi talab va taklif oʻrtasidagi nomutanosibliklar (disbalans), narx-navo, transport-logistika va energiya bilan bogʻliq yigʻilib qolgan turli xatarlarni bir paytda yuzaga chiqishi tezlashdi.

Bu esa, Markaziy bankdan narxlar, bank va toʻlov tizimi barqarorligini taʼminlash borasida tezkor choralar koʻrib borishni taqozo etdi.

Xususan, 2022-yil mart oyidan boshlab milliy valyuta almashuv kursi tebranishi hamda inflyatsiya boʻyicha kutilmalarni moʻtadillashtirish maqsadida Markaziy bankning asosiy stavkasi yillik 17 foizgacha koʻtarilgan boʻlsa, II chorakdan boshlab makroiqtisodiy sharoitlarning barqarorlashuvi hamda ayrim kutilayotgan inflyatsion xatarlarning yuzaga chiqish ehtimolining pasayishi hisobiga Markaziy bankning asosiy stavkasi yillik 15 foizgacha tushirildi.

Ushbu tezkor javob choralari milliy valyutadagi aktivlar jozibadorligini oshishiga, aholi va tadbirkorlik subyektlarini isteʼmol va investitsion kutilmalarini ijobiy tomonga oʻzgarishiga xizmat qildi.

Xususan, milliy valyutadagi muddatli depozitlar boʻyicha real foiz stavkalari (inflyatsiya darajasiga nisbatan) jismoniy va yuridik shaxslar uchun mos ravishda 7,1 va 4,1 foiz darajasida shakllandi.

Natijada tijorat banklaridagi milliy valyutadagi depozitlar qoldigʻi 2021-yilga nisbatan qariyb 1,4 barobarga oshib, 131,8 trln. soʻmni tashkil etdi.

Bunda jismoniy shaxslarning depozitlari qoldigʻi 1,5 barobarga oʻsib, 45,2 trln. soʻmga, yuridik shaxslarning depozitlari qoldigʻi 1,3 barobarga oshib, 86,6 trln. soʻmga yetdi.

Bu esa, oʻz navbatida, xalqaro moliya bozorlarida moliyaviy resurslar narxining oshib borishi sharoitida, banklar tomonidan iqtisodiyotni uzluksiz moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning ichki imkoniyatlarini kengaytirmoqda.

Milliy valyutadagi depozitlar jozibadorligini oshishi hamda valyuta almashuv kursining nisbatan barqarorligi dollarlashuv darajasining pasayishiga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Xususan, 2022-yilda iqtisodiyotga kredit qoʻyilmalari boʻyicha dollarlashuv darajasi 2 foiz bandga qisqarib, 45,6 foizni, depozitlarning dollarlashuvi darajasi esa, 4,7 foiz bandga qisqarib 34,2 foizni tashkil etdi.

2022-yilda inflyatsiyaga monetar omillar taʼsirini kamaytirish, bank tizimi likvidligini samarali tartibga solish maqsadida pul-kredit operatsiyalariga ham tegishli oʻzgartirishlar kiritib borildi.

Xususan,

– Markaziy bank obligatsiyalari boʻyicha daromadlilikning maksimal chegarasi foiz koridorining yuqori chegarasiga qadar oshirildi;

– Depozit auksionlarini “toʻliq qoplanadigan oʻzgarmas foiz stavkali” mexanizm asosida oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyildi;

– Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda pul bozorining benchmark foiz stavkasini hisoblash metodologiyasi ishlab chiqildi hamda ushbu metodologiya asosida UZONIA benchmark foiz stavkasi, UZONIA indeksi va muddatli UZONIA stavkalarini kunlik hisoblash va eʼlon qilish yoʻlga qoʻyildi.

Inflyatsiyaga nomonetar omillar taʼsirini kamaytirish maqsadida esa, Hukumat bilan birgalikdagi amaliyotlar davom ettirildi.

Xususan, ichki bozorda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari taklifi hajmlarini oshirish maqsadida tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik subyektlariga, oʻsimlik yogʻikartoshkagoʻsht (mol, qoʻy, parranda goʻshti)muzlatilgan baliq importi uchun ajratilgan 297,4 mlrd. soʻmlik imtiyozli kreditlar muddati, hamda import bojlaridan ozod qilish amaliyotlari bosqichma-bosqich 2023-yil yakuniga qadar uzaytirildi.

200 ming gektardan ortiq qishloq xoʻjaligi yerlarini uzoq muddatli ijaraga olgan fuqarolarga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishlari uchun imtiyozli kreditlar ajratish tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Umuman olganda, ushbu chora-tadbirlar inflyatsiya darajasini yuqori surʼatlarda oʻsishini jilovlash imkonini berdi va 2022-yil yakunlari boʻyicha inflyatsiya darajasini 12,3 foiz atrofida shakllanishiga xizmat qildi.

2022-yilda ichki valyuta bozorida, iqtisodiy faollikning ortib borishi taʼsirida, chet el valyutasiga boʻlgan talab va taklifning yuqori surʼatlarda oʻsishi kuzatildi.

Xususan, ichki valyuta bozorida 2021-yilga nisbatan qariyb 1,3 barobarga koʻp, 27,7 mlrd. AQSH dollari sotildi, valyutalar xaridi hajmi esa, 1,4 barobarga oshib, 14,8 mlrd. AQSH dollarini tashkil qildi.

Valyuta bozorida ishtirok etgan korxona va tashkilotlarning oylik oʻrtacha soni 2021-yildagi 10 mingtadan 11,5 mingtagacha koʻpaydi.

Shuningdek, neytral xarakterdagi valyuta intervensiyalari davom ettirilib, monetar oltin sotib olinishi (66,3 trln. soʻm yoki 6 mlrd. AQSH dollari ekvivalentida) hisobiga yuzaga kelgan qoʻshimcha likvidlikni sterilizatsiya qilish maqsadida 4,1 mlrd. AQSH dollari (44,9 trln. soʻm) miqdorida intervensiya operatsiyalari amalga oshirildi.

Soʻmning almashuv kursi nisbatan barqaror darajada shakllanib, 12 oylik devalvatsiya koʻrsatkichi 3,9 foiz doirasida qayd etildi.

Oltin-valyuta zaxiralarimizni esa, 36,4 mlrd. AQSH dollari (2021-yilga nisbatan 1 mlrd. AQSH dollariga koʻp) miqdorida shakllanishiga imkon berdi.

Makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash borasida Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan chora-tadbirlarining izchil amalga oshirilayotganligi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlarimizni barqaror surʼatlarda shakllanayotganligida oʻz aksini topmoqda.

Xususan, 2022-yilda Oʻzbekistonda iqtisodiy oʻsish koʻrsatkichi yuqori darajada shakllanib, 5,7 foizni tashkil etdi.

Bu esa, oʻz navbatida, aholi real daromadlarining yuqori surʼatlarda (oʻsishi 9,7 foiz) oʻsib borayotganligida hamda yil yakunida jon boshiga YAIM hajmining 2 255 AQSH dollariga yetganligida namoyon boʻldi.

Soʻnggi yillarda ochiqlik siyosati, iqtisodiyotni tashqi tovar va moliya bozorlariga integratsiyasining kuchayishi tijorat banklarining xorijdan qulay shartlarda kapital jalb qilish imkoniyatlarini oshirmoqda.

Bu esa, bir tomondan, iqtisodiyotni moliyaviy resurslarga boʻlgan yuqori talabini qondirishga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, bank tizimining tashqi xatarlarni qabul qiluvchi sifatidagi rolini oshirmoqda.

Shu sababli, 2022-yildan boshlab Markaziy bankning bank nazorati borasidagi asosiy eʼtibori tashqi iqtisodiy xatarlarning banklar barqarorligiga salbiy moliyaviy taʼsirlarini yumshatishga hamda banklarda mavjud kredit riskini keskin kuchayishini oldini olishga qaratilmoqda.

2022-yilda banklar nazorati boʻyicha xalqaro standartlar va Bazelʼ qoʻmitasining tavsiyalari asosida kredit tashkilotlari faoliyatini tartibga solish metodologiyasi va instrumentlarini takomillashtirishga qaratilgan ishlar ham davom ettirildi.

Xususan,

– tizimli ahamiyatga molik banklarni aniqlashning vaqtinchalik tartibi ishlab chiqildi va yil davomida sinovdan oʻtkazildi.

– mazkur tartibga muvofiq, 6 ta davlat banki (Oʻzmilliybank, Oʻzsanoatqurilishbank, Asaka bank, Agrobank, Ipotekabank va Xalq banki) tizimli ahamiyatga molik bank deb topildi.

– bank kafolatini olish uchun prinsipalga talablar bankning ichki siyosatlari va risk-appetitiga muvofiq mustaqil tarzda oʻrnatish tizimi yoʻlga qoʻyildi.

– garov sifatida taqdim etilgan mol-mulkka nisbatan kreditorlarning huquqlari ustuvorligini taʼminlash,

majburiyatlarni suddan tashqari tartibda undirish amaliyotini joriy etildi.

– aholining qarz yukini ortib ketmasligi va moliyaviy tizim barqarorligini taʼminlashga qaratilgan makroprudensial choralar takomillashtirib borildi

hamda qarz oluvchining toʻlovga layoqatliligini tahlil qilishda hisobga olinadigan daromadlar manbalari roʻyxati kengaytirildi.

Shuningdek, hisobot yilida Markaziy bankning tavakkalchilikka asoslangan bank nazorati tizimini takomillashtirish doirasida banklarda kapital, likvidlilikni qoplash, sof barqaror moliyalashtirish meʼyorlari haqqoniy hisob-kitob qilinishi hamda aktivlar sifati toʻgʻri tasniflanishi boʻyicha tematik tekshirishlar oʻtkazishning har bir qadami va ketma-ketligini belgilovchi nazorat mahsulotlari ishlab chiqildi.

Ushbu yondashuvlar asosida 2022-yilda tijorat banklarida 19 ta va mikromoliya tashkilotlarida 9 ta tematik inspeksiyalar oʻtkazildi.

Tekshiruvlar davomida qariyb 39 mingta mijozning jami 37 trln. soʻmlik kreditlari yoki ushbu banklar jami kredit portfelining 58 foizi qamrab olindi.

Tekshirish natijalari asosida kapital va likvidlilik meʼyorlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni haqqoniy aks ettirmagan banklarga nisbatan tegishli choralar koʻrildi, qonun hujjatlarida belgilangan talablarni buzgan banklarga nisbatan ayrim operatsiyalarini toʻxtatish, jarima sanksiyalari va boshqa taʼsirchan choralar qoʻllanildi.

Jumladan, bank qonunchiligi talablarini buzganligi uchun 26 ta bankka nisbatan 56 ta holat boʻyicha jami 3,8 mlrd. soʻm miqdorida jarimalar undirildi.

Bank qonunchiligida belgilangan talablarni bajarmaganligi uchun “HI-TECH BANK” va “Turkiston” xususiy aksiyadorlik tijorat banklarining bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalari chaqirib olindi va bank omonatchilarining mablagʻlarini toʻliq toʻlab berilishi taʼminlandi.

“Turkiston” xususiy aksiyadorlik tijorat banki omonatchilari mablagʻlarini 251 mlrd. soʻmi Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash jamgʻarmasi hisobidan qoplab berildi.

Geosiyosiy keskinlashuvlar natijasida iqtisodiy sanksiyalar va eksportga taqiqlar bilan bogʻliq xatarlarni iqtisodiyotimizga salbiy taʼsirlarini minimallashtirish, komplayens-nazorat tizimini takomillashtirish borasida ham tegishli ishlar amalga oshirildi.

Xususan, tijorat banklarida sanksiyaviy xatarlarni boshqarish boʻyicha boʻlinmalar va Markaziy bankda ular faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maxsus tarkibiy boʻlinma tashkil etildi.

Sanksiyaviy tashqi xatarlarning tashqi savdo operatsiyalari bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga salbiy taʼsirlarini yumshatish maqsadida, tijorat banklariga:

– kredit qarzdorlikni qaytarishda muammoga duch kelgan mijozlarning 2022-yil yakuniga qadar oʻz vaqtida soʻndirilmagan kreditlari boʻyicha penya va jarimalar hisoblamaslik hamda ehtimoliy yoʻqotishlarga qarshi zaxiralar shakllantirmaslik;

– tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha toʻlovlarning uzluksizligini taʼminlash maqsadida sanksiyalardan holi banklar bilan hamkorlik qilish choralari koʻrilmoqda.

2022-yilda bank tizimini isloh qilish strategiyasi doirasida davlat ulushi ishtirokidagi banklarni transformatsiya qilishga qaratilgan ishlar davom ettirildi.

Xususan, asosiy banklarda korporativ boshqarish tizimi joriy etilib, Bank kengashlari professional mahalliy va xalqaro ekspertlar hisobiga shakllantirilib, har bir bankning bozordagi oʻrni va mavqeini belgilovchi transformatsiya Strategiyalari ishlab chiqildi va bu jarayonlarda bank xizmatlarini raqamlashtirish, shaffof va sodda holda mijozlarga yetkazishga alohida urgʻu berilgan.

Aholi va tadbirkorlik subyektlariga istalgan bank boʻlinmalari orqali sifatli bank xizmatlarini koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish maqsadida 6 ta bank yagona bank kodi texnologiyasi asosida faoliyat yuritishni boshladi.

Banklarda muddati oʻtgan kredit qarzdorliklarni boshlangʻich bosqichda undirish bilan shugʻullanuvchi Soft Collection xizmati ishga tushirildi.

Hisobot yilidagi banklarning iqtisodiyotni kreditlash siyosatida xususiy investitsiyalarni ragʻbatlantirish, tadbirkorlik subyektlarining yuqori qoʻshilgan qiymatli yangi ishlab chiqarish loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar davom ettirildi.

Xususan, aholi va tadbirkorlik subyektlariga jami 203 trln. soʻm yoki 2021-yilga nisbatan 22 foizga koʻp kreditlar ajratildi.

Iqtisodiyotning real sektoriga yoʻnaltirilgan kreditlarning 43,7 foizi sanoatga, 22,0 foizi savdo va umumiy ovqatlanishga, 11,6 foizi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga, 5,7 foizi qurilishga hamda 5,2 foizi transport va kommunikatsiya sohasiga ajratilgan.

Natijada 2022-yil yakunlari boʻyicha iqtisodiyotga ajratilgan kredit qoʻyilmalari qoldigʻi 403,1 trln soʻmga yetib, 21,4 foizga oʻsdi.

Xususan, yuridik shaxslarga ajratilgan kredit qoʻyilmalari qoldigʻi 15,1 foizga yoki 40 trln. soʻmga (jami 302,1 trln. soʻm), jismoniy shaxslarga ajratilgan kredit qoʻyilmalari esa qariyb 1,5 barobarga yoki 31,5 trln. soʻmga (jami 100,9 trln. soʻm) oʻsdi.

Ipoteka kreditlari qoldigʻi 1,3 barobarga oshib, 46,4 trln. soʻmni, mikroqarzlar qoldigʻi 1,8 barobarga oshib, 13 trln. soʻmni va aholiga ajratilgan boshqa chakana kreditlar qoldigʻi 1,6 barobarga oshib, 41,5 trln. soʻmni tashkil etdi.

2022-yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida mahsulot va asbob-uskunalarni yetkazib berish hamda xizmatlar koʻrsatishda markazlashgan taʼminot tizimidan voz kechilib, ularni xarid qilishda erkin tanlov va raqobat muhitini oʻz ichiga olgan “marketpleys” elektron savdo maydoni ishga tushirildi.

Elektron savdo maydoni orqali hokim yordamchilarining tavsiyalari asosida qariyb 425 mingga yaqin aholi va tadbirkorlarga 9,9 trln. soʻmlik kreditlar ajratilib, 8,6 trln. soʻmlik mahsulot hamda xizmatlar yetkazib berildi.

Bugungi kunda respublika boʻyicha oʻrta hisobda har ming xonadonning 196 tasiga ushbu dasturlar doirasida qoʻshimcha daromad olish imkoniyatlari yaratildi.

Shuningdek, 2022-yilda moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlarning qaytarish muddatlarini uzaytirish amaliyoti davom ettirildi.

Xususan, yil davomida mijozlarning jami 36 trln. soʻmlik kreditlari boʻyicha toʻlov muddatlari kechiktirildi.

Eksport-import operatsiyalari bilan shugʻullanuvchi korxonalarning muammolarini tegishli ishchi guruhlari tomonidan doimiy ravishda oʻrganib borish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Ushbu sohada moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan tadbirkorlik subyektlarining 4 trln. soʻmlik kreditlarining qaytarish muddatlari uzaytirildi.

Muddati uzaytirilgan kreditlar qoldigʻi 2023-yil 1-yanvar holatiga 75 trln. soʻmni tashkil etib, 64,0 trln. soʻmi (86 foizi) yuridik shaxslar va 11,0 trln. soʻmi (14 foizi) jismoniy shaxslar hissasiga toʻgʻri keldi.

2022-yilda undirilishi istiqbolsiz boʻlgan bir yildan ortiq muddat davomida qaytarilmagan mijozlarning 6,2 trln. soʻmlik “umidsiz” toifaga tushib qolgan kreditlari balansdan chiqarildi.

Banklar tomonidan 2022-yilda aktivlar boʻyicha 11 trln. soʻm miqdorida qoʻshimcha zaxiralar yaratildi hamda muammoli kreditlarni zaxiralar bilan qoplanish darajasi 1,3 barobarga oshib, 2023-yil 1-yanvar holatiga 102 foizga yetdi.

Koʻrilgan choralar, 2022-yilda muammoli kreditlar ulushi 1,6 foiz bandga yoki 3,6 foizgacha (14 trln. soʻm) kamayishiga imkon berdi.

Banklar “yashil moliyalashtirish” yoʻnalishini rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratmoqda.

Xususan, banklar (Sanoatqurilishbank) tomonidan ushbu yoʻnalishga moʻljallangan xalqaro kredit liniyalari jalb qilish, bank mijozlari taqdim etgan loyihalarning “yashil moliyalashtirish” meʼzonlariga muvofiqligini tekshirish tartibi ishlab chiqildi va uning natijalari boʻyicha 3 kun muddatda kredit ajratilishiga xulosa berish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

Markaziy bank faoliyatining yana bir asosiy yoʻnalishi – toʻlov tizimlarining uzluksiz hamda barqaror ishlashini taʼminlash borasida ham tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu yoʻnalishda, asosiy eʼtibor, toʻlov xizmatlari bozorida xizmatlar turi va koʻlamini oshirish, toʻlov infratuzilmasini aholining talab va ehtiyojlarini sifatli va toʻliq taʼminlash zaruriyatidan kelib chiqib yanada kengaytirishga qaratilmoqda.

Bugungi kunda oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish qurilmalari – 20,3 ming donaga, toʻlov terminallari – 434 ming donaga hamda muomalaga chiqarilgan bank kartalari – 34,2 mln. donaga yetdi.

Aholiga respublika va xorijiy toʻlov tizimlari infratuzilmasida bir karta orqali hisob-kitoblarni amalga oshirish imkoniyatini beruvchi kobeydjing bank kartalari soni 2021-yilga nisbatan 2,7 barobarga oshib, 1,7  mln. donaga yetdi.

Bank mijozlarining bankka tashrif buyurmagan holda naqd pul mablagʻlarini inkassatsiya qilish hamda bank hisobvaragʻini (kartasini) toʻldirish imkoniyatini beruvchi avtomatlashtirilgan depozit mashinalari (ADM) soni 475 taga yetkazildi.

2022-yilda tadbirkorlik subyektlari tomonidan jami amalga oshirilgan toʻlovlarning 90 foizdan ortigʻi (1 005  trln.soʻm) bankka tashrif buyurmagan holda Tezkor toʻlov tizimi orqali amalga oshirilgan.

Bank kartasi va toʻlov terminalidan bevosita foydalanmagan holda, kontaktsiz toʻlovlarni amalga oshirish imkonini beruvchi “QR-online” tizimining ommabopligi oshib bormoqda.

Xususan, 2022-yilda tadbirkorlik subyektlariga taqdim qilingan QR-kodlar soni 99 ming donaga yetib, ushbu tizim orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalar hajmi qariyb 13 barobarga ortib, 192 mlrd. soʻmga yetdi.

Kontaktsiz toʻlov xizmatlarini rivojlantirish doirasida joriy etilgan Tap-to-phone tizimi xizmatlaridan foydalanuvchi tadbirkorlik subyektlari soni 6 barobarga oshib, 2,3 mingdan ortiqni tashkil etmoqda.

Masofaviy biometrik identifikatsiya qilish tizimi (Face ID) texnologiyasidan foydalanadigan tijorat banklari soni 11 tadan 26 tagacha, toʻlov tashkilotlari soni esa 4 tadan 13 tagacha koʻpaydi.

Hisobot yilida moliyaviy xizmatlar ommabopligini va aholining moliyaviy savodxonligini oshirish hamda bank xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlar davom ettirildi.

2023-yilning 1-yanvar holatiga 12,6 mingtadan ortiq bank xizmatlari koʻrsatish nuqtalari (bank filiallari, bank xizmatlari koʻrsatish markazlari, mini-banklar, 24/7 tartibida ishlovchi oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish markazlari, bankomat va infokiosklar) aholiga hizmat koʻrsatmoqda.

Har yuz mingta katta yoshli aholiga toʻgʻri keluvchi bank xizmatlari koʻrsatish nuqtalari soni oʻrtacha 54 taga yetdi.

2023-yil 1-yanvar holatiga bank hisobvaragʻiga ega katta yoshli aholi soni 17,3 mln. kishini yoki jami katta yoshli aholining 75 foizini tashkil etmoqda.

Bank xizmatlarini boshqa muqobil yoʻllar (kanallar) orqali koʻrsatish yoʻnalishini rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Xususan, Aloqa bank bilan “Oʻzbekiston pochtasi” AJ hamkorlikda 1 900 taga yaqin pochta boʻlinmalari orqali respublikaning barcha hududlarida, shu jumladan chekka va olis hududlarda aholiga 5 turdagi bank xizmatlarini koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi.

Markaziy bank aholining moliyaviy savodxonligini oshirish boʻyicha jami 21 ta loyiha boʻyicha tashkil etilgan 87 ta taʼlim tadbirlari doirasida 384 ming nafardan ortiq aholi moliyaviy savodxonlik loyihalarida bevosita ishtirok etdi va bu koʻrsatkich 2021-yilga nisbatan 1,3 barobarga oshdi.

Xotin-qizlarning moliyaviy savodxonligini oshirish maqsadida 12 ta viloyat va Qoraqalpogʻiston Respublikasida 42 ta seminar-treninglar oʻtkazilib, ularga 2,5 ming nafar xotin-qizlar, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini yaqinda boshlagan ishbilarmon ayollar jalb qilindi.

Bank isteʼmolchilari huquqlarini himoya qilish sohasida banklar, mikromoliya tashkilotlari va lombardlar hamda bank xizmatlari isteʼmolchilari oʻrtasidagi munosabatlarda yuzaga kelayotgan muammoli vaziyatlarni hal etish boʻyicha qonunchilik hujjatlari takomillashtirildi.

Xususan,

– garovga qoʻyayotgan yoki kafil boʻlayotgan uchinchi shaxslarning kredit, garov yoki kafillik shartnomasi boʻyicha kelgusida duch kelishi mumkin boʻlgan xatarlar toʻgʻrisida tushunchaga ega boʻlishi;

– kredit shartnomasi tuzilgunga qadar banklar tomonidan isteʼmolchiga ushbu xizmat toʻgʻrisida barcha zaruriy maʼlumotlar berilishi;

– kredit ajratish yoki ajratmaslik boʻyicha qabul qilingan qaror toʻgʻrisida asoslantirilgan xabar isteʼmolchiga taqdim etilishi majburiy talablar sifatida belgilandi.

2022-yilda 166 nafar bank xizmatlari isteʼmolchilarining (shundan 139 tasi jismoniy shaxslar, 27 tasi tadbirkorlik subyektlari) huquqlari va qonuniy manfaatlari tiklanishiga koʻmaklashildi.

Xususan, murojaatlarda koʻtarilgan masalalarni oʻrganish jarayonida huquqlari va qonuniy manfaatlari tiklanishiga koʻmaklashilgan 56 nafar isteʼmolchilarning jami 2,1 mlrd. soʻmlik moliyaviy naf koʻrishi taʼminlandi.

Maʼruzamning yakunida, 2023-yilda global iqtisodiyotda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xatarlarning mamlakatimizda narxlar va bank tizimi barqarorligiga taʼsirini yumshatish boʻyicha koʻrilishi lozim boʻlgan choralar va oldimizda turgan boshqa muhim masalalar toʻgʻrisida ham toʻxtalib oʻtmoqchiman.

Yuqorida taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda ketma-ket kuzatilayotgan iqtisodiy nobarqarorliklar taʼsirida iqtisodiyotda turli xatarlarning bir paytda sodir boʻlishi inflyatsiya darajasini Markaziy banklar belgilagan inflyatsiya targeti doirasida shakllanishini murakkablashtirmoqda.

Bundan tashqari, iqtisodiyotdagi xatarlarning xususiyati oʻzgarib borayotganligi yaʼni, oziq-ovqat xavfsizligi va energiya manbalari bilan uzluksiz taʼminlash, global transport-logistika va ishlab chiqarish zanjiridagi uzilishlar bilan bogʻliq xatarlar hamon saqlanib qolmoqda.

Mazkur sharoitda, Markaziy banklar tomonidan ehtiyotkor, oʻzaro muvofiqlashgan pul-kredit va makroprudensial siyosat yuritilishi va shu orqali iqtisodiyot subyektlarining bank tizimiga boʻlgan ishonchini saqlab qolinishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Ushbu makroiqtisodiy sharoitdan kelib chiqib, joriy yilning mart oyida Markaziy bankning asosiy stavkasi 1 foiz bandga pasaytirilib, yillik 14 foiz etib belgilandi va kelgusida iflyatsiya kutilmalari va muhitidan kelib chiqib, pul-kredit sharoitlari yumshatib boriladi.

Bu esa, oʻz navbatida, Markaziy bank tomonidan 2023-yilda inflyatsiya darajasining oʻrta muddatli prognoz koridorida boʻlishi va iqtisodiy faollikni qoʻllab-quvvatlash oʻrtasidagi muvozanatni saqlab qolish imkonini beradi.

Bunda

Narxlar barqarorligini taʼminlash hamda pul-kredit siyosati instrumentlarini takomillashtirish borasida:

– 2023-yilda inflyatsiya darajasini 9,5 foizdan oshmasligini taʼminlash boʻyicha hukumat bilan birgalikda tegishli chora-tadbirlar amalga oshiriladi;

– pul bozorida depozitlarning inflyatsiya prognoziga nisbatan real foiz stavkalarning kamida 2-3 foiz darajasida ijobiyligi taʼminlanadi va nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolgan holda inflyatsiyaning monetar omillari pasaytiriladi;

– inflyatsiyaga nomonetar omillar taʼsirini pasaytirish va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini taʼminlash maqsadida har bir omilni yuzaga kelish sabablarini chuqur tahlil etgan holda ularni bartaraf etish boʻyicha asoslantirilgan takliflar hukumat, tegishli vazirlik va idoralarga kiritib boriladi;

– banklar oʻrtasida qisqa muddatli resurslarning samarali qayta taqsimlanishini taʼminlash maqsadida banklararo REPO bozori faoliyati rivojlantiriladi.

Xabaringiz bor, ayrim rivojlangan davlatlar bank tizimida moliyaviy barqarorlik bilan bogʻliq tizimli xatarlar kuchayib, ushbu xatarlarni xalqaro bank-moliya tizimlariga salbiy taʼsirini yuzaga kelish ehtimoli ortib bormoqda.

Ushbu holatlarni mamlakatimiz bank tizimida takrorlanmasligini oldini olish boʻyicha 2023-yilda:

– banklar faoliyatida tavakkalchilikka asoslangan nazorat tizimi doirasida mavjud xatarlarni aniqlash,

bank tizimi moliyaviy barqarorligi va banklardagi kredit riski dinamikasi borasida davriy oʻrganishlar oʻtkaziladi;

– tavakkalchiliklarni boshqarish va ularning samaradorligini baholash maqsadida har bir bankning kredit portfelidagi ahamiyatli 20 ta yirik qarzdorlarning banklar moliyaviy holatiga taʼsiri boʻyicha doimiy monitoring oʻrnatiladi.

Markaziy bank tomonidan aholining banklardagi omonatlarini himoyalash tizimini takomillashtirish hamda banklarni sanatsiyalash mexanizmlarini qonunchilik bilan tartibga solish maqsadida “Banklardagi omonatlarni himoyalash kafolatlari toʻgʻrisida”gi va “Banklarni sanatsiyalash toʻgʻrisida”gi qonun loyihalari ishlab chiqiladi.

Naqd pulsiz hisob-kitoblarni rivojlantirish, bank tizimida kiberxavfsizlikni taʼminlash borasida:

– toʻlov xizmatlari isteʼmolchilarining moliyaviy xavfsizligini taʼminlash va moliyaviy firibgarlik toʻgʻrisida xabardorligini oshirish choralari koʻrib boriladi;

Umuman olganda, 2023-yil davomida iqtisodiyotni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadlariga 2022-yilga nisbatan 20 foizga koʻp kredit mablagʻlari yoʻnaltirilishi shundan, tadbirkorlik subyektlarini aylanma mablagʻlariga boʻlgan ehtiyojlarini qondirishga qariyb 56 trln. soʻmlik revolver kreditlari ajratilishi taʼminlash;

 banklarning resurs bazasini oshirish maqsadida 2023-yilda aholining tijorat banklaridagi milliy valyutadagi muddatli depozitlari hajmini 1,5 barobarga oshirish choralari koʻrib boriladi.

 


USD = 12012.12
+32.29
EUR = 13935.26
+30.27
RUB = 166.12
+1.13
GBP = 16115.46
+30.14
JPY = 74.91
+0.09
CHF = 15111.49
+8.33
CNY = 1777.86
+4.94
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X