Dollarlashuv darajasi pasayib bormoqda
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Statistika va tadqiqotlar departamenti tomonidan dollarlashuvining tabiiy darajasi inflyatsiya va real almashuv kursi tebranuvchanligi ko‘rsatkichlaridan kelib chiqqan holda MVP (Minimum Variance Portfolio) yondashuvi asosida baholandi.
Tadqiqotga ko‘ra:
-
2020-yil boshida qisqa muddatli tabiiy dollarlashuv 24,5% bo‘lgan.
-
2025-yil oktabriga kelib bu ko‘rsatkich 17,8% gacha pasaydi.
-
Uzoq muddatli (3 yillik) tabiiy dollarlashuv darajasi 19,3% etib baholandi.
Bu aholi va biznesning milliy valyuta - so‘mga bo‘lgan ishonchi ortayotganini ya’ni tovar va xizmatlar narxini milliy valyutada belgilash va o‘zaro hisob-kitoblar asosan milliy valyutada amalga oshirilayotganligini ko‘rsatadi.
Nega dollarlashuv pasaymoqda?
-
Narxlar barqarorligining yaxshilanishi, inflyatsiyaning pasayishi odamlarni so‘mda jamg‘arishga undayapti.
-
Valyuta kursining nisbatan barqaror bo‘lishi xavfni kamaytirmoqda.
-
Bank tizimida so‘mdagi depozitlar bo‘yicha sharoitlarning yaxshilanishi milliy valyutani jozibador qildi.
Depozitlardagi dollarlashuv trendi
Muddatli depozitlarda dollarlashuv keskin kamaygan:
-
Yuridik shaxslarda: 48,2% (2019) → 20,5% (2025-yil 1-noyabr holatiga).
-
Jismoniy shaxslarda: 32,6% (2019) → 22,5% (2025-yil 1-noyabr holatiga).
-
Bu o‘zgarish so‘mda depozit ochish xavfini sezilarli darajada kamayganini anglatadi.
Aholi va biznes vakillari uchun bu nimani anglatadi?
Moliyaviy xavflar kamaymoqda.
-
So‘mda pul saqlash avvalgiga nisbatan ko‘proq ishonchli.
-
Bank depozitlarida milliy valyuta jozibadorligi ortgan.
-
Kursdagi tebranishlar uzoq muddatli xavf tug‘dirmayapti.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda tabiiy dollarlashuvning pasayishi — iqtisodiy barqarorlik ortayotganining belgisi. Narxlar barqarorligi va valyuta siyosatidagi izchillik milliy valyutaga bo‘lgan ishonchni mustahkamlamoqda.