Shrift o‘lchami: A A A
Masshtab: A A A A
Rang: A A A A
Rasmlar: Yoqish O‘chirish

10 000 so‘m

Yangilangan sana: 18 Fev 2026, 11:06
2021

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining
2021 yil namunasidagi 10000 so‘m qiymatidagi banknotasi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qiymati 10000 so‘m bo‘lgan banknoti o‘lchami 147 x 69 mm.

Banknot himoyalangan qog‘ozda chop etilgan bo‘lib, qog‘oz tarkibida tartibsiz tarzda joylashgan sariq va ko‘k rangdagi ko‘rinmas tolalar ultrabinafsha nurlari ostida ko‘rinadi.

Banknotning o‘ng tarafida och fonda qadimgi “Buyuk Ipak yo‘li” karvon yo‘lining ramzi bo‘lgan tuya va “10000” raqami ko‘rinishida suv belgilari joylashgan.

Banknotning o‘ng tarafida qog‘oz qatlamida kengligi 3 mm li “golografik” himoyalangan, “UZB” yozuvi mavjud metallashgan va mashinada o‘qiladigan himoya ipi o‘tkazilgan.

Old va orqa tomonlarining asosiy ranglari – ko‘k, binafsha va pushti ranglardan iborat.

Banknot old tomoni chap qismida 1551–1575 yillarda qurilgan Toshkent shahridagi “KO‘KALDOSH MADRASASI” me’moriy yodgorligi tasvirlangan.

10-000-face-UZ1024_1.jpg

Mazkur tasvirning chap va o‘ng taraflaridagi hoshiyalarda uzluksiz takrorlanuvchi “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” mikromatni bosilgan.

Banknot yuqori qismining chap tarafida o‘zgaruvchan rangli OVI bo‘yog‘ida bosilgan “10000” raqami joylashgan bo‘lib, ma’lum qiyalik burchagi ko‘rinishi ostida tilla rangdan yashil rangga o‘zgaradi.

Banknot yuqori qismida “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” matni, yuqori o‘ng burchagida O‘zbekiston Respublikasining Gerbi ko‘k rangda aks ettirilgan.

Banknotning o‘ng va chap tomoni chekkasida joylashgan ko‘k rangdagi maxsus element ko‘rish qobiliyati past bo‘lgan insonlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bo‘yoqning bo‘rtmalik xususiyati hisobiga banknotning qiymatini aniqlash imkonini beradi.

Banknotning quyi qismida naqshinkor tasvir fonida “latent” (yashirin) tasvir “UZ” ko‘rinishida berilgan bo‘lib, u yorug‘lik manbaiga nisbatan ma’lum qiyalikda ko‘rinish xususiyatiga ega.

Naqshinkor bezakning atrofidagi hoshiyasi uzluksiz takrorlanuvchi “10000” raqamidan iborat mikromatn ko‘rinishida bajarilgan.

Banknot quyi qismining chap tomonida banknot qiymatini aks ettiruvchi “O‘N MING SO‘M” yozuvi va “O‘ZBEKISTON SO‘MI RESPUBLIKA HUDUDIDA HAMMA TO‘LOVLAR UCHUN O‘Z QIYMATI BO‘YICHA QABUL QILINISHI SHART” matni joylashgan.

Yuqoridagi tasvirlar metallograf bosma usulida bajarilgan bo‘lib, barmoq uchi bilan siypalanganda bo‘yoqning bo‘rtmaligini sezish mumkin.

Banknot o‘ng qismidagi och fonda nusxa ko‘chirishga qarshi har xil diametrdagi halqalar joylashgan bo‘lib, nusxa ko‘chirilganda ushbu tasvirlarda aniqlik yo‘qoladi.

Banknotning yuqori o‘ng qismidagi O‘zbekiston xaritasi chizmasida och chiziqlar bilan “Buyuk Ipak yo‘li”ning karvon yo‘llari yo‘nalishi ko‘rsatilgan.

Banknotning yuqori chap qismida Toshkent shahri darvozalari timsolidagi “darvoza” tasviri registr vazifasini bajargan holda, “old” va “orqa” tomonlarini bir-biri bilan mos tushirish uchun xizmat qiladi. Yorug‘likka qaratilganda oq qismi banknotning orqa tomonidagi rangli elementlar bilan qo‘shilib to‘liq tasvirni hosil qiladi.

Banknotning raqami lotin alifbosidagi ikki harfli seriya va yetti xonali sondan tashkil topgan bo‘lib, o‘ng qismida gorizontal va chap qismida vertikal ko‘rinishda bosilgan.

Gorizontal ko‘rinishdagi seriya va raqamlar ferromagnit himoya bo‘yog‘ida ishlangan bo‘lsa, vertikal ko‘rinishdagilari lyuminestsent himoya bo‘yog‘ida chop etilgan bo‘lib, ultrabinafsha nurlari ostida sariq rangda nurlanadi.

Banknot orqa tomonida miloddan avvalgi I asrga tegishli bo‘lgan Toshkent shahri hududidagi eng qadimiy yodgorlik – “SHOSHTEPA ARXEOLOGIYA YODGORLIGI” tasvirlangan.

10-000-back-UZ1024_1.jpg

Banknotning o‘ng qismida Toshkentning qadimiy hunarmandchilik namunalari bo‘lgan X–XII asrlarga tegishli sopol lagan hamda X asrga tegishli ro‘zg‘or idishi tasviri aks ettirilgan.

Yuqori chap qismida “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” matni va banknot muomalaga chiqarilgan yil “2021” chop etilgan.

Banknotning pastki qismi chap va o‘ng burchaklarida banknot nominal qiymati “10000” raqami oq rangda bir chiziqda hamda yuqori o‘ng burchakda “O‘N MING SO‘M” yozuvi tushirilgan.

Ushbu yozuv ostidagi Toshkent shahri darvozalari timsolidagi darvoza tasviri registr vazifasini bajargan holda, banknotning “old” va “orqa” tomonlarini bir-biri bilan mos tushirish uchun xizmat qiladi.

Chap va o‘ng taraflardagi naqshinkor bezak hoshiyasi uzluksiz takrorlanuvchi “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” mikromatni bilan bajarilgan.

Chap tomondagi tasvirlarni qismlarga ajratuvchi chiziq uzluksiz takrorlanadigan “O‘ZBEKISTON” so‘zi mikromatn ko‘rinishida bosilgan.

Banknotning pastki qismida “O‘ZBEKISTON SO‘MINI QALBAKILASHTIRISH QONUNGA MUVOFIQ TA’QIB QILINADI” matni joylashgan.


USD = 12029.20
-43.76
EUR = 14065.74
-111.54
RUB = 160.26
-0.91
GBP = 16228.59
-131.48
JPY = 75.38
-0.44
CHF = 15228.76
-164.53
CNY = 1759.48
-9.89
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X