O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining
2021 yil namunasidagi 2000 so‘m qiymatidagi banknotasi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qiymati 2000 so‘m bo‘lgan banknoti o‘lchami 142 x 69 mm qog‘ozda tayyorlangan.
Banknotning o‘ng tarafidagi och fonda qadimgi “Buyuk Ipak yo‘li” karvon yo‘lining ramzi sifatida tuya va “2000” raqami ko‘rinishida suv belgilari joylashgan.
Banknotning o‘ng tarafida qog‘oz qatlamida kengligi 1,5 mm bo‘lgan “UZB” yozuvi mavjud metallashgan va mashinada o‘qiladigan himoya ipi o‘tkazilgan.
Old va orqa tomonlarining asosiy ranglari – qirmizi va och yashil ranglardan iborat.
Banknot old tomoni chap qismida dastlab miloddan avvalgi I asrda qad ko‘targan, eramizning IX–X asrlarida qayta qurilgan (hozirgi qiyofasi asosan XVI asrda shakllangan) “Buxoro arki”ning ko‘rinishi tasvirlangan.

Banknot yuqori o‘ng qismida “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” matni, yuqori o‘ng burchagida O‘zbekiston Respublikasining Gerbi qirmizi rangda joylashgan.
O‘ng va chap tomoni chekkasida qirmizi rangda joylashgan maxsus element ko‘rish qobiliyati past bo‘lgan insonlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bo‘yoqning bo‘rtmalik xususiyati hisobiga banknotning qiymatini aniqlash imkonini beradi.
Banknotning quyi qismida naqshinkor bezak asosida “latent” (yashirin) tasvir “UZ” ko‘rinishida berilgan bo‘lib, u yorug‘lik manbaiga nisbatan ma’lum qiyalikda ko‘rinish xususiyatiga ega.
Quyi qismning chap tomonida banknot qiymatini aks ettiruvchi “IKKI MING SO‘M” yozuvi va “O‘ZBEKISTON SO‘MI RESPUBLIKA HUDUDIDA HAMMA TO‘LOVLAR UCHUN O‘Z QIYMATI BO‘YICHA QABUL QILINISHI SHART” matni joylashgan.
Yuqoridagi tasvirlar metallograf bosma usulida bajarilgan bo‘lib, barmoq uchi bilan siypalanganda bo‘yoqning bo‘rtmaligini sezish mumkin.
Banknot o‘ng qismidagi och fonda nusxa ko‘chirishga qarshi har xil diametrdagi halqalar joylashgan bo‘lib, nusxa ko‘chirilganda ushbu tasvirlarda aniqlik yo‘qoladi.
“Xonatlas” fonida tushirilgan O‘zbekiston xaritasi chizmasida ko‘k chiziqlar bilan “Buyuk Ipak yo‘li”ning karvon yo‘llari yo‘nalishi ko‘rsatilgan.
Yuqori chap qismida Buxoro shahrining ramzi hisoblangan “ikki o‘rkachli tuya” tasviri registr vazifasini bajargan holda, “old” va “orqa” tomonlarini bir-biri bilan mos tushirish uchun xizmat qiladi. Yorug‘likka qaratilganda oq qismi banknotning orqa tomonidagi rangli fon bilan qo‘shilib to‘liq tasvir hosil qiladi.
Banknotning raqami lotin alifbosidagi ikki harfli seriya va yetti xonali sondan tashkil topgan bo‘lib, o‘ng qismida gorizontal va chap qismida vertikal ko‘rinishda bosilgan.
Banknot orqa tomonida miloddan avvalgi IV–III asrlarda qadimgi karvon yo‘li o‘tgan Poykend shahrining xarobalari, ya’ni “POYKEND ARXEOLOGIYA YODGORLIGI” tasvirlangan.

O‘ng qismida Buxoro viloyati hududidagi “Varaxsha” arxeologiya yodgorliklaridan topilgan VIII asrga taalluqli devoriy ganchkor bezak tasviri hamda miloddan avvalgi III ming yillik davriga tegishli ro‘zg‘or idishi – arxeologiya topilmasi aks etgan.
Yuqori chap qismida “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” matni va banknot muomalaga chiqarilgan yil “2021” chop etilgan.
Banknotning pastki qismi chap va o‘ng burchaklarida banknot nominal qiymati “2000” raqami oq rangda bir chiziqda hamda yuqori o‘ng burchakda “IKKI MING SO‘M” yozuvi tushirilgan.
Pastki qismida “O‘ZBEKISTON SO‘MINI QALBAKILASHTIRISH QONUNGA MUVOFIQ TA’QIB QILINADI” matni ogohlantiruvchi yozuv sifatida qayd etilgan.